16:37 / 26.01.2019
30862

Termiz shahar hokimligi va quruvchi o‘rtasida sansalorlik: yolg‘iz ona bundan jabr ko‘rmoqda

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati, Termiz shahridagi «Shodlik» mahallasida yashovchi A.Suvonovadan murojaat kelib tushdi.

«Ikki nafar farzandim bor, yolg‘iz onaman. 2018 yil may oyida biz istiqomat qilib turgan ikki qavatli uy buzildi va o‘rniga yetti qavatli uy qurilmoqda. Bizning oilaga yangi qurilayotgan uydan ikki xonali xonadon berilishi, yangi uy 24 oy ichida qurib bitkazilishi, bu orada ijarada yashagan uyimizning ijara puli shahar hokimligi tomonidan to‘lab turilishi aytildi. Ayni vaqtda ijara shartnomasi tuzgan holda ijara uyda yashayapman. Dastlabki besh oyi hokimiyat va quruvchi tomonidan to‘lab berildi. Ammo uch oydan buyon ijara puli berilmayapti. Hokimiyatga borsam quruvchiga, quruvchiga borsam hokimiyatga jo‘natishadi. Ushbu muammoni hal etishda yordam berishingizni so‘rayman», — deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni o‘rganish uchun Termiz shahriga yo‘l oldik. Masala yuzasidan murojaatchining e'tirozlarini tingladik, hokimiyat vakillari va qurilish tashkiloti rahbari bilan uchrashdik.

Ma'lum bo‘lishicha, Termiz shahrining tasdiqlangan bosh rejasiga asosan va shahar hokimining 2018 yil 9 martdagi qaroriga ko‘ra, Termiz shahar, Taraqqiyot ko‘chasida joylashgan ikki qavatli 11-uy to‘lig‘icha buzilib, o‘rniga yetti qavatli zamonaviy uy-joy qurilishi belgilangan. Ayni vaqtda qurilish ishlari davom etmoqda.

Ushbu qurilish ishlarini olib borish «Termez Grand Almaz» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga yuklatilgan. Mazkur MChJ buzilayotgan uyda yashab turgan xonadon egalari bilan kelishuvga erishgan. Jumladan, A.Suvonova va MChJ o‘rtasida kelishuv bitimi imzolangan.

Unda qurilish 24 oy ichida qurib bitkazilishi, A.Suvonovaga yangi uydan 2 xonali xonadon ajratilishi belgilangan.

A.Suvonovaga ijara shartnomasi tuzishi va ijara puli to‘lab berilishi og‘zaki bildirilgan. A.Suvonova ayni vaqtda Termiz shahrida ijara shartnomasi asosida xonadonda yashab kelmoqda.

Bu masala yuzasidan Termiz shahri hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Shuhrat Rahmonqulov bilan uchrashdik.

«Qurilish tashkiloti va buzilayotgan uydagi xonadon egalari o‘rtasida kelishuv bitimlari imzolangan. Kimlargadir yer berilgan, kimlar bilandir boshqa turdagi kelishuvlarga erishilgan. A.Suvonovaga ijarada turgan uyiga pul to‘lab kelinayotgandi. Ammo hokimiyat maxsus hisob raqamida pul yo‘qligi tufayli oxirgi uch oyda to‘lanmasdan qoldi», – deydi Shuhrat Rahmonqulov.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, A.Suvonova bu masala avval ham muammo bo‘lganida 2018 yil 11 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. Bu murojaat yuzasidan Termiz shahar hokimi nomidan A.Suvonovaga kelgan xat mazmuni bilan tanishdik. Unda shahar hokimligi maxsus hisobiga pul tushsa, belgilangan tartibda ijara puli to‘lab berilishi ma'lum qilingan.

Aslida ijara pulini kim to‘lashi kerak, hokimiyatmi yoki quruvchi tashkilotimi?

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 7-bandida olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ajratib berilgan taqdirda uy-joy qiymatini to‘lash, uylar (kvartiralar) berish va vaqtinchalik turar joy berish, shuningdek yangi joyga ko‘chish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplash tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari qaroriga ko‘ra ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, Nizomning 8-bandida yer uchastkasini o‘zlashtirish davrida ikki yilgacha muddatga ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘liq to‘langan hamda yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan boshqa zararlarni qoplagan holda, fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi berish belgilangan.

Shu asosida A.Suvonovaga ijaradagi uyining ijara haqi to‘lanmay kelayotganligi yuzasidan «Termez Grand Almaz» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sh.Ermatov bilan uchrashdik. U muammo shu kunning o‘zida ijobiy hal etilishini bildirdi.

Maqolani tayyorlash jarayonida A.Suvonova bilan bog‘landik va to‘lanmay qolingan uch oylik ijara haqi quruvchi tomonidan to‘lab berilganligini bildirdi.

Shuningdek, maqolani tayyorlash jarayonida aynan shunday mazmundagi muammo bilan Termiz shahridan fuqarolar tomonidan bir nechta murojaatlar kelib tushdi. Ko‘rinib turibdiki, Termiz shahrida bu borada yetarlicha muammolar bor. Mutasaddilar bu masalaga jiddiyroq e'tibor qaratishiga umid qilamiz va bu mavzuga yana qaytamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top