18:31 / 27.01.2019
32947

Soddalashtirilgan QQS nega joriy etildi? 

Foto: Pinterest

2019 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i keng joriy etilishi belgilangandi. Unga ko‘ra, 1 milliard so‘mdan ko‘p oborotga ega barcha sub'yektlar QQS soliq to‘lovchisi hisoblanadi. Shunga qaramay, oboroti 1-3 milliard so‘m atrofida bo‘lgan sub'yektlar uchun soddalashtirilgan QQS ham joriy etildi. 

O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovning aytishicha, soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i avvalgi yagona soliq to‘loviga o‘xshash bo‘lsa-da, u «QQS zanjiri»ni uzilib qolishiga olib kelmaydi. 

«Yagona soliq to‘lovi amalga oshirilganda zanjir paydo bo‘lmasdi. Soddalashtirilgan QQS aslida kim uchun? U hisob-kitobni ayni chog‘da amalga oshirishga imkon topolmaganlar uchun ko‘zda tutiladi. QQSni hisoblash ancha qiyin jarayon va mutaxassis ko‘nikmasini talab etadi. Shunday ekan, oboroti u qadar yirik bo‘lmagan sub'yektlarga imkon beraylik. 

Bu yerda ham kimdir ko‘p yo kam to‘lashi kerak, degan mantiq yo‘q. Shunchaki, kimdir soddaroq, ammo shuncha miqdorni to‘layapti. Masalan, mening tovarga qo‘shgan qiymatim 35 foiz, deylik. Chakana savdoda 20-22 foiz ustama narx belgilanadi. Xullas, o‘rtacha qo‘shiladigan qiymat 30 bo‘lishi mumkin. Undan 20 foizli QQSni olganda, 6 foiz soliq yuki paydo bo‘ladi. Zanjirning keyingisida turgan sub'yekt mana shu 6 foizni inobatga olishga haqli. Vaqt o‘tib, u ham to‘la-to‘kis QQS to‘lovchisi bo‘lishga tayyorlanadi. Zanjir ishtirokchilari uni shunga majbur qiladi», – deydi Moliya vaziri o‘rinbosari. 

Ma'lumot uchun, qo‘shilgan qiymat solig‘i zanjirini shakllantirish orqali qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan va bo‘lmagan soliq to‘lovchilar o‘rtasida kooperatsiyani tashkil etish maqsadida ixtiyoriy ravishda QQSni to‘lashga o‘tish mumkin. ​

Top