11:18 / 30.01.2019
48841

Darsda mudragan bolalar – nega maktablarda yangi texnik imkoniyatlardan foydalanmayapmiz? 

Qo‘ng‘iroq chalindi. Eshikdan kirib kelgan o‘qituvchi bilan salom-alikdan so‘ng bolalar o‘z o‘rindiqlarini egallashdi. Biologiya darsi boshlandi. Sobir, odatdagidek, o‘zi uchun tushunarsiz bo‘lib kelayotgan bir talay terminlardan iborat darsni «tinglay» boshladi. Nogahon ko‘zi deraza ortiga –  daraxt shoxida o‘tirgan chumchuqqa tushdi. «Qani edi, shu chumchuqning ichiga kirib, unda kechayotgan jarayonlarni ko‘rib bo‘lsa», – o‘yladi u va o‘qituvchining ravon nutqidan allalanib, o‘z odaticha, pinakka ketdi. Biologiya darsi davom etardi...                                    

Ta'limimiz go‘yo bir lotereya – omadingiz kelsa, bolangiz yaxshi o‘qituvchi qo‘liga tushadi, kelmasa –  bebaho davri kuyadi.

Hozir ta'lim qay ko‘rinishda?

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak – bolalar sinflarga to‘planadi va dars tinglashga majburlanadi. O‘qituvchi o‘z ishining ustasi – haqiqiy pedagog bo‘lsa: bolalarni fanga qiziqtirish iste'dodiga ega bo‘lsa, tabiatan psixolog bo‘lsa, so‘zi bilan bolalarning xayolotini uzoqlarga olib ketolsa, bola tasavvuriga «jon» ato etolsa – bir manzara, bo‘lmasa – boshqa. Bolangiz shunday ustaning qo‘liga tushsa – omadingiz, bo‘lmasa... afsus.

Dars jarayonida bola bir mavzuni yaxshi tushunolmay qolsa – ish chatoq – keyingi mavzuni o‘zlashtirishga qiynaladi, undan keyingisida – yanada qiynaladi. Natijada bolaning bu fanga qiziqishi batamom so‘nadi. Endi u mazkur fan uchun o‘quvchi emas, balki sinfxonaga shunchaki tashrif buyuruvchi – «darsga majburlangan tinglovchi».

O‘quvchilarning necha foizi shunday holatga duchor bo‘lib kelyapti, deb o‘ylaysiz? Bu borada tadqiqot olib borilmagani aniq, ammo, busiz ham hammasi bizga ayon – ko‘pchiligimiz o‘z vaqtida bunday holatga duchor bo‘lganmiz. Ya'ni, o‘zlashtirilmay qolgan mavzu dastidan biror fanni borib-borib o‘rganolmay qolganmiz va... undan ko‘nglimiz sovigan. Bu dard ommaviy tus olgan. Buni «qolib ketgan mavzu» effekti deb atasa ham bo‘ladi.    

Xulosa shuki, mamlakat budjetining salmoqli qismini «yeydigan» ta'limimiz ko‘pincha ota-onalar uchun bir lotereya bo‘lib, jamiyat uchun esa o‘z-o‘zini ovutish vositasi bo‘lib turibdi. Maktablarimiz bormi – bor, bolalarimiz o‘qiyaptimi – o‘qiyapti. Aslida esa oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun bolalarni asosan ta'limning xususiy shakli – repetitorlar tayyorlayapti. Yana deng, qisqa vaqt ichida. Maktab-chi?

Keling, avvalo «ta'lim nima?» degan savolga javob beraylik.

Ta'lim – nima u?

Ha, aziz o‘quvchi, hamma tomondan «ta'lim, ta'lim» deb turilgan bir paytda biz bu so‘zning asl ma'nosi nima, degan savolni o‘zimizga berishga majbur bo‘lib turibmiz. Zero, biz ta'limning asl maqsadini unutib qo‘ygan ko‘rinamiz.

Modomiki, «o‘rta ta'lim» deganda «dunyoni anglash»ni nazarda tutsak, kasb egallashni esa oliy ta'limga nisbat bersak, unda ko‘zimiz ko‘nikib qolgan o‘sha – «o‘rta ta'lim» deb atab kelayotganimiz o‘z vazifasini bajaryaptimi – dunyoni anglatyaptimi? Biz o‘zimiz uchun boshqa bir narsani yaratib olib, uning nomini «ta'lim» deb olganimiz yo‘qmi? Bolalarimiz maktablarimizdan nimani olib chiqishyapti? 

O‘zi yashayotgan dunyo haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lib, tabiiy fanlarni avvalo ularning nima uchun kerakligini bilib, Yer sayyorasining qaysi nuqtasida, qaysi vaqtda, qanday ijtimoiy voqelik ichida yashayotganini anglab, insoniyat oldida turgan vazifalarni tushunib, maktabdan chiqayotgan yangi avlod manzarasini «ta'lim» deb atashni lozim deb bilsak, ta'limimizni haqiqiy ta'lim deb atay olamizmi? Bizningcha yo‘q.  

Bu holat voqelikka – yangi texnik imkoniyatlar paydo bo‘lgan davrga mosmi?

Ko‘z ko‘rmagan imkoniyatlar  

XXI asr o‘zi bilan keltirgan texnologiyalar yordamida ta'lim olish sifati va tezligini benihoya oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Zero, avval ma'lum narsa yoki hodisa haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun ko‘plab soat og‘zaki darslarni diqqat bilan tinglash kerak bo‘lgan bo‘lsa, yangi imkoniyatlar bilan bir necha daqiqa ko‘p o‘lchamli qiziqarli, jonli tasvirni izohlari bilan ko‘rish va eshitish kifoya. Tamom! Vaqt iqtisod qilinadimi? Qilinadi! Shuncha sarf, urinishlar befoyda ketishining oldi olinadimi? Olinadi!

Zero, bunda axborot oqimi qiyinchiliksiz, qiziqarli shaklda bola ongiga joylashadi – samara bir necha barobar oshadi, umr iqtisod qilinadi.

Ma'lumki, so‘zlar yordamida narsa haqida o‘zgada tasavvur hosil qilish qiyin – iste'dodli pedagog bo‘lmasa bunday urinishlar ko‘pincha besamar ketadi. Iste'dodli pedagoglar esa kam. Holat achinarli ekanini anglash uchun oddiy maktablarimizning oddiy o‘quvchisiga tabiiy fanlardan bir-ikkita savol berishning va o‘sha – so‘ralayotgan narsalarning dunyo uchun  ahamiyatini aytib berishni so‘rashning o‘zi yetarli.

Yangi imkoniyatlar bilan esa ta'lim tezligi va sifati geometrik progressiyada o‘sishi mumkinligi ayon bo‘lib boryapti.

Ko‘p o‘lchamli axborot

Aytaylik, darsda inson ichki a'zolari o‘rganilyapti. A'zolar haqida, ularning qanday ishlashi haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun ko‘plab soat og‘zaki darslarni tinglash kerak. Dars davomida aytilgan gaplarning ma'nosini o‘sha – a'zolarni ko‘rmasdan turib chaqish kerak. Axborot o‘zlashtirishning bunday uslubining samarasi ko‘plab shart-sharoitlarga bog‘liq. Xullas – qiyin bu – bunday axborot «bir o‘lchamli». Aksarimiz 10 yil o‘rta maktabda o‘qib, tanamiz haqida deyarli hech narsa bilmaymiz.    

Yangi imkoniyatlar bilan esa samara bir necha barobar ortadi – axborot bola miyasiga oson joylashadi. Ko‘p o‘lchamli tasvirlar bunda juda qo‘l keladi, masalan, mana bunday video:

Bu birgina misol edi. Mazkur videoda ovozli izohlar yo‘q. Ammo uni ovozli izohlar bilan boyitsa ham bo‘ladi, albatta. 

Endi bir tasavvur qilaylik – har bir maktabda mana shu kabi qo‘llanmalar yordamida bolalarga atrof-dunyoning barcha tomonlari yoritilsa, bolalar maktablardan o‘zlari yashayotgan dunyo haqida atroflicha tasavvurga ega bo‘lib chiqishsa.

Voqelikni his etadigan avlod    

Hayotda duch kelinadigan muammolarning aksari inson voqelikni bilmasligi, his etolmasligi bilan bog‘liq. Masalan, o‘zining tanasi haqida hech narsa bilmaydigan, uning qanday ishlayotgani haqida tasavvuri yo‘q odam sog‘lom turmush haqidagi tavsiyalarni ko‘pincha bajarmaydi. Nega? Chunki tanani sog‘lom tutish haqida aytilayotgan gaplar u uchun mutlaqo xayoliy narsalar – aniq predmet bilan bog‘lanmagan. Aniq bilim va tasavvurga ega bo‘lmagan odam uchun bunday gaplar – shunchaki befoyda tashviqot.

Ana endi o‘z tanasi haqida, uning qanday ishlashi haqida bolalik chog‘idayoq – yuqoridagi video kabi qo‘llanmalar yordamida aniq tasavvurga ega bo‘lgan odamni ko‘z oldimizga keltiramiz. U qancha taom zararsiz oshqozoniga sig‘ishini, qay holatda uxlasa, umurtqa pog‘onasi to‘qimalarida qon yaxshi aylanishini va shu kabi muhim narsalarni bilib oladi. Chunki, u o‘z ko‘zi bilan bularning sifatli va harakatli (jonli) tasvirini ko‘rgan – biladi.

O‘rta ta'lim bunday – o‘z tanasi haqida tasavvurga ega avlodni yetishtirib chiqarsa, sog‘liqni saqlash tizimiga hamda dori-darmonga qilinayotgan sarflar kamayadi – pullarni boshqa ishlarga sarflasa bo‘ladi. Kasalliklar dastidan insonlar hayotining mazmuni salbiy tomonga o‘zgarishini, chekiladigan azoblarni aytib o‘tirishning esa hojati yo‘q.

Bu birgina misol edi, xolos. Tanani bilishning foydasini muxtasar keltirganimiz, qayta ta'kidlaymiz, bir misol edi.  

Misoldan olinadigan masal     

Yuqoridagi bitta misoldan tegishli xulosa qilib, uni boshqa fanlarga xayolan «tatbiq» qilamiz va hozirgi manzaramizdan tubdan farq qiluvchi manzarani – maktablardan o‘zini va atrofini anglaydigan avlod yetishib chiqishi manzarasini hosil qilamiz... O‘zgacha bir manzara, shunday emasmi?

Shu bilan birga, nega hanuz eski uslubda – yangi texnik imkoniyatlardan foydalanmagan holda – ziyoni foydasidan ko‘p bo‘lib turgan xos og‘zaki darslarni tinglashga bolalarni majburlab o‘tiribmiz, degan savol tug‘iladi.  

«Bunday qo‘llanmalarni ishlab chiqarish katta xarajatni talab qiladi» – degan iddaoga  javoban «bilimsiz avlodni yetishtirib berayotgan hozirgi ta'limga har yili mablag‘ sarf qilinmayaptimi?» – degan savol bilan javob beramiz. Bitta sifatli ko‘p o‘lchamli videoqo‘llanma barcha maktablarga tarqatiladi va har yili ishlatiladi – millionlab bolalarda yoritilgan mavzu bo‘yicha yaqqol tasavvur hosil bo‘ladi. Yuqorida keltirilgani kabi qo‘llanmani sinfxonada ko‘rgan bola ichki a'zolar haqida ko‘rganini umrbod eslab qoladi. O‘qituvchisining qo‘shimcha savollari yordamida esa ko‘rganlari xotirasida yanada mustahkamlanadi.

O‘qituvchiga yordam

Kuniga 5-6 soat 45 daqiqadan og‘zaki dars o‘tish oqibatida o‘qituvchining qattiq toliqishi – haqiqat. Toliqqan o‘qituvchi dars sifatini yuqori tutishi mushkul. Bu ham haqiqat. Dars avvalida 10-15 daqiqalik sifatli videoqo‘llanmani o‘quvchilarga namoyish qilish esa o‘qituvchi toliqishini birmuncha kamaytiradi. Dars esa qiziqarli, maroqli jarayonga aylanishi uchun omil paydo bo‘ladi. Namoyish paytida o‘qituvchi o‘zining ustidan ishlashi, o‘quvchilarga beriladigan savollarni tayyorlashi, qolaversa avvalgi darsdan keyin biroz dam olishi ham mumkin bo‘ladi. Dam olgan o‘qituvchining kayfiyati yaxshi bo‘ladi va dars sifatiga ijobiy ta'sir qiladi.

Ta'lim tanqid qilinganda ko‘pincha «bir o‘qituvchi shuncha bolaga birdek e'tibor berolmaydi-da!», yoxud «o‘qituvchi bitta, o‘quvchi falonta!» – deyishadi. Texnik imkoniyatlar aynan shu kabi muammolarga yechim bo‘ladi.

Kerak bo‘lgan narsalar – videoqo‘llanmalar va har bir sinfxona o‘quv doskasi oldida bitta katta televizor. Va, ishonchimiz komilki, o‘rta ta'lim sifatida jiddiy ijobiy o‘zgarish sodir bo‘ladi.  

(davomi bor)

Shokir Sharipov

Top