21:40 / 01.02.2019
7800

Dunyodagi eng yirik pensiya jamg‘armasi rekord zarar ko‘rganini ma'lum qildi 

Foto: Borisa Malseva, IA «Klerk.Ru»

Yaponiyaning davlat pensiya-investitsion jamg‘armasi (GPIF) o‘z tarixida eng katta zarar ko‘rdi. Jamg‘arma o‘z aktivlarining 9,1 foizi miqdorida yoki pul ko‘rinishida 14,8 trln iyen (136 mlrd dollar) zarar ko‘rgan. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. GPIF pensiya jamg‘armalari sohasida dunyodagi eng yirik boshqaruvchi kompaniya hisoblanadi.

GPIF’ning aktivlari 2018 yil oxiriga kelib sentyabrdagi rekord qiymatdagi 165,2 trln iyendan (1,57 trln dollar) 150,7 trln iyengacha (1,38 trln dollar) qisqarib ketgan. Jamg‘arma yapon va xorijiy kompaniyalari aksiyalari bo‘yicha eng ko‘p zarar ko‘rgan, mahalliy obligatsiyalar unga 1 foiz daromad, xorijiy obligatsiyalar esa 15,7 foiz zarar keltirgan. 

Tokioning NLI tadqiqot instituti tahlilchisi Shingo Ide birinchi navbatda jamg‘armaning choraklik emas, balki uzoq muddatli moliyaviy ko‘rsatkichlariga e'tibor qaratishga chorlagan. 2001 yildan boshlab jamg‘arma aktivlari umumiy daromadliligi 56,7 trln iyen yoki yiliga 2,7 foizni tashkil qilgan. SMBC Nikko Securities Inc. tahlilchisi Xudenori Suezava jamg‘armaning ko‘rsatkichlari, uning aktivlari yarmi aksiyalarda saqlanishini hisob olib, kelgusida kamayishi mumkinligidan ogohlantirgan. Suezava jahon moliya bozoriga asosiy xatarlar sifatida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi hamda Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini aytgan.    

Top