08:42 / 02.02.2019
43522

O‘qituvchilarning bir kunlik ish haqi xayriya fondiga o‘tkazilmoqda. Vazirlik izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Qator OAV xabariga ko‘ra, Samarqand viloyatida 26 yanvar kuni «darsdan keyin» hashar deb atalgan tozalash ishlariga jalb qilingan o‘qituvchilarning bir kunlik ish haqi «Mahalla» fondi hisobiga o‘tkazilgan.

Samarqand viloyati XTB rahbari buyrug‘ida «o‘z tashabbuslariga ko‘ra ixtiëriy ravishda» deb ëzilgan bunday pul o‘tkazish jaraëni amalda kuchli bosim ostida olib bormoqda, deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, buyruqda «Vazirlar Mahkamasining Orolbo‘yidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi 2019 yil 22 yanvardagi 41-F-sonli farmoyishi hamda viloyat hokimligining 23 yanvardagi 05/01-11 sonli xati rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin»¸ deb ëzilgan. Buyruqning 3-bandida «ta'lim muassasalarida mehnat qilaëtgan ishchi-xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi» mablag‘ni «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bankdagi raqamiga 5 fevralga qadar o‘tkazilishini ta'minlash so‘ralgan.

Kun.uz ushbu ma'lumotga oydinlik kiritish maqsadida Xalq ta'limi vazirligining mas'ul xodimi bilan bog‘landi.

Uning bildirishicha, 2018 yil 10 maydagi 349-sonli «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorning 2-bo‘lim «a» bandiga ko‘ra, umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasi tegishli hujjati mavjud bo‘lgandagina tashkil etish mumkin.

Qayd etilishicha, 26 yanvar kungi hashar Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan tashkil etilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22 yanvardagi 41-f-sonli farmoyishiga ko‘ra, 2019 yil 26 yanvar kuni umumxalq ekologiya xayriya hashari munosabati bilan tashkilotlarda ishlaydigan xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari ularning o‘z tashabbusiga ko‘ra xayriya qilishlari mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Pulga kelsak, o‘z tashabbusiga ko‘ra deyilgan, berishni istamasa bunga haqi bor», - dedi vazirlik vakili.

Top