23:41 / 02.02.2019
10150

O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va suveren kredit reytingini saqlab turish bo‘yicha qaror qabul qilindi

O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalarini chiqarishni tashkillashtirish va suveren kredit reytingini saqlab turish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingini 2021 yilgacha saqlab turish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Shuningdek, suveren kredit reytingni saqlab turish uchun mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan Moliya vazirligiga taqdim etiladigan zarur ma'lumotlar va materiallar ro‘yxati hamda 2021 yilga qadar Xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini tatbiq etishi va xalqaro korporativ kredit reytinglarini olishi lozim bo‘lgan ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushi) mavjud bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ro‘yxati ham tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Moliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga Jahon bankining Davlat boshqaruvi indikatorlari tarkibida e'lon qilinadigan “Korrupsiyani nazorat qilish” (Control of Corruption) hamda “Aholi fikrini hisobga olish va davlat organlarining hisobdorligi” (Voice and Accountability Index) ko‘rsatkichlarini kiritish bo‘yicha takliflarni kiritadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 1 iyulga qadar ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va eksport-kredit agentliklari tomonidan qo‘llaniladigan Mamlakatga xos xatarlarni tasniflash tizimida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Amalga oshirilgan ishlar yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma'lumot taqdim etiladi.

Jahon bankining Davlat boshqaruvi indikatorlari tarkibida e'lon qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi ko‘rsatkichlarini 2020 yil

1 yanvarga qadar yaxshilashni ta'minlash yuzasidan bosh vazir A.Aripov, bosh prokuror O.Murodov, ichki ishlar vaziri P. Bobojonov va adliya vaziri R.Davletov zimmalariga shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2019 yil mobaynida qat'iy belgilangan kupon stavkasida 5 yil va undan ortiq muomala muddatiga ega bo‘lgan 500 mln. AQSh dollari miqdoridan kam bo‘lmagan summada O‘zbekiston Respublikasining suveren obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalarini chiqarish doirasida quyidagilar belgilandi:

·       O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlari O‘zbekiston hududidan tashqarida savdoga qo‘yiladigan, dastlabki joylashtirilishi moliyaviy tashkilotlar guruhi tomonidan ta'minlanadigan emission qimmatli qog‘ozlar – xalqaro obligatsiyalar ko‘rinishida chiqariladi;

·       xalqaro obligatsiyalarning qiymati xorijiy valutada ifodalanadi;

·       xalqaro obligatsiyalarga qonun hujjatlarida belgilangan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga kiritish kvotalari va ruxsat olish tartibi talablari tatbiq etilmaydi;

·       xalqaro obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish va depozitar hisobga olish hajmi va boshqa shartlari O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi;

·       xalqaro obligatsiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida majburiy depozitar hisobga olish talab etilmaydi.

Mavzuga oid
Top