12:36 / 02.02.2019
9435

Qozog‘iston mart oyida Markaziy Osiyo davlatlariga neft mahsulotlari eksportini boshlaydi

Foto: kapital.kz

2019 yil mart oyida dizel yoqilg‘isidan tashqari, boshqa barcha neft mahsulotlari eksporti boshlanadi. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Kanat Bozumbayev Qozog‘iston Energetika vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma'lum qildi, deya xabar bermoqda «Kazinform».

«Bizda joriy yilning birinchi choragida benzin, mazut, aviakerosin bo‘yicha ortiqcha hajm yuzaga keladi. Asosan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga neft mahsulotlarini eksport qilmoqchimiz. Bilasizmi, Qozog‘iston ko‘p yillar davomida neft mahsulotlari bo‘yicha importchi bo‘lgan, bu biz neft qazib oluvchi mamlakat ekanimizga qaramay kuzatilgan. Ammo, neftni qayta ishlash zavodlarimizni modernizatsiya qilish natijasida, birinchi navbatda, mahsulotlar qatorini kengaytirdik, ikkinchidan - qayta ishlash chuqurligi o‘zgardi, uchinchidan - neft mahsulotlarining sifati butunlay boshqacha darajaga, K4 va K5standartlariga o‘tdi. Aynan shu tufayli bu yil hamkasblarimizga eksport qilishni boshlaymiz. Bugungi kunda Olmaotada qirg‘izistonlik hamkorlar bilan muzokaralar yakunlanmoqda, kelasi hafta Senatda Rossiya Federatsiyasi bilan bitim ratifikatsiyasi ko‘rib chiqiladi. Bu davlat bilan oldingi kelishuvda neft mahsulotlari eksportiga taqiq mavjud edi, bu bizga o‘zimizning neft mahsulotlarimiz uchun yo‘l ochadi. Shuning uchun, taxminlarga ko‘ra, mart oyida, ehtimol, chorak oxiriga qadar, eksport qilishni boshlaymiz», - dedi K.Bozumbayev.

Vazirning ta'kidlashicha, 2018 yil davomida AI-92 benzini narxi tushib bordi va bir vaqtda dizel yoqilg‘isiga narxlar oshdi. Dizel yoqilg‘isi qimmatlashuvi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan iste'molning mavsumiy o‘sishi va tranzit yuklarining mavsumiy oshishiga aloqador.

Top