17:52 / 06.02.2019
25792

Sog‘liqni saqlash sohasida yangi lavozim joriy etildi

Sog‘liqni saqlash tizimi islohotlariga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, qaror bilan sog‘liqni saqlash sohasiga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash va islohotlarni ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. 

Vazir o‘rinbosari, jumladan, quyidagilar uchun mas'ul hisoblanadi:

xalqaro standartlar va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini implementatsiya qilgan holda sog‘liqni saqlash sohasini kompleks huquqiy tartibga solish;

sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish va tashkil etish tizimini takomillashtirish;

majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish;

davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini tatbiq qilish;

sohaga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;

“elektron sog‘liqni saqlash” tizimlarini keng joriy etish.

Mazkur lavozimga sog‘liqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy mutaxassis jalb etiladi hamda u prezident tomonidan tayinlanadi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirining mazkur o‘rinbosari bir vaqtda bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari maslahatchisi hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top