11:33 / 09.02.2019
35122

​Rahbarlarning loqaydligi tufayli norasidalar sarson bo‘lyapti

Illyustrativ foto/TASS

SSSR davlatining parchalanishi o‘zidan keyin muammolarni ham paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Xususan, ittifoqdosh mamlakatlar chegarasi va shaxslarning fuqarolikni olish tartibini barcha o‘z talqinicha ko‘ra boshladi. Biroq, bu maqolada aytmoqchi bo‘lganim — boshqa masala.

Gap shundaki, 1984 yili O‘zbekiston hududida tug‘ilgan (va tug‘ilganligi haqida guvohnomaga ega bo‘lgan) Gulnora Fayziyevaning yashash joyi sobiq Sovet tugatilishi bilan Qozog‘iston hududiga to‘g‘ri kelib qoldi. Fuqarolik pasportini olish uchun u O‘zbekiston Respublikasi mutasaddi organlariga murojaat etdi, albatta, keyinchalik O‘zbekiston hududiga ko‘chib o‘tib, shu yerda muqim yashay boshladi. Ammo unga fuqarolik pasporti berilmadi. Gulnora 2017 yili fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun taqdim etiladigan pasport uchun ariza topshirdi, ammo undan ham darak yo‘q.

Muammo nimada? Masalaning jiddiy tarafi shundaki, Gulnora turmush o‘rtog‘i bilan rasman nikohdan o‘tishga imkoniyati yo‘q, shu orada esa oilada 4 nafar farzand tug‘ildi. Ular ham onasi kabi hujjatsiz, tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnomasi yo‘q, to‘g‘rirog‘i berilmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 205-moddasiga muvofiq, bolaning tug‘ilishini qayd etish majburiy bo‘lib, bu tug‘ilgan joydagi yoki ota-onadan birining doimiy yashash manzili bo‘yicha FXDYo organida bir oy muddat ichida amalga oshirilishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi qarorida ta'kidlanishicha, ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan alohida hollarda FHDYo organi tug‘ilganlikni qayd etishni rad qilishi mumkin emas. Bunda hujjatlari bo‘lmagan ota yoki ona haqida ma'lumotlar nikoh tuzilganligi yoki avvalgi bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari asosida ko‘rsatiladi.

Ammo biz ko‘rib chiqayotgan yuqorida ko‘rsatilgan sabablar bilan nikoh rasman tuzilmagan va bolalarning hech biri guvohnomaga ega emas. Shunga qaramay, ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda bolaning tug‘ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshiriladi.

To‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlarning barchasi tug‘ruqxonada dunyoga kelgan va bu haqda tibbiyot muassasasining ma'lumotnomasi mavjud. Vasiylik va homiylik organi yozma murojaat qilmasligi qat'iy ta'kidlamoqda.

«Negaki, bolalarning otasi O‘zbekiston fuqarosi va uning fuqarolik pasporti mavjud. Onaning fuqaroligi aniqlanmagan, ammo shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan tegishli namunadagi ma'lumotnoma bor. Demak, ota ham, ona ham shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega. Agar nikoh holati rasman qayd etilmagani yoki otalikni belgilash muammo bo‘lsa, ish sud ajrimi bilan hal qilinishi kerak», —deydi organ vakili.

Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi Ichki ishlar vaziri tasdiqlagan yo‘riqnomaga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirgandan, ya'ni 1992 yil 28 iyuldan keyin, respublikaga kelib, Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida sobiq SSSR ittifoqi pasporti bilan istiqomat qilayotganlar, shuningdek bu pasportni yo‘qotganlar va boshqa shaxsini tasdiqlaydigan hujjati bo‘lmaganlar yoki faqatgina tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma bilan yashayotgan shaxslar shaxsni tasdiqlovchi hujjat olish masalasi bo‘yicha tegishli TShIIB XChKvaFRBga murojaat qilib, quyidagi hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Gulnora Fayziyeva ham shunday qilgan.

Ushbu yo‘riqnomaga asosan, so‘rovnoma yuborilgandan keyin uch oy ichida javob kelib tushmasa, TShIIB XChKvaFRB xodimi mazkur Yo‘riqnomaning 10-bandi va 11-bandida ko‘rsatilgan mavjud hujjatlar bilan cheklanadi, ya'ni yo‘riqnomaning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi ma'lumotnoma nazarda tutilmoqda.

Vasiylik va homiylik organi vakili aynan mana shu namunadagi ma'lumotnoma Fayziyevada mavjudligi va uning so‘roviga 3 oydan ortiq muddat ichida javob qaytarilmaganini inobatga olib, Gulnoraning shaxsni tasdiqlovchi hujjati mavjud, deb hisoblaydi. Toshkent tuman FXDYo mudirasi Nargiza Karimova esa bu bilan kelishmaydi, Fayziyevaning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘q, deb biladi.

Karimovaning ma'lum qilishicha, Vasiylik va homiylik organi vakili FXDYoga bolalarning ota-onasini tasdiqlab, xat bilan murojaat qilishi kerak.

«Namunaviy shaklda organ vakili FXDYoga murojaat qilishi, ushbu xatda bolaning ota-onasi ko‘rsatilishi kerak. Otalikni belgilash masalasida esa faqat sud hal qiladi», — deydi u.

Toshkent viloyati Toshkent tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri bolalarning ota-onasi kimligini ta'kidlab, ularga tug‘ilganlik guvohnomasini berishda amaliy yordam berishini so‘rab, xat ham yuborgan. Aftidan bunday murojaat matni Nargiza Karimovaga yoqmagan shekilli, u murojaatning boshqacha tayyorlanishini talab etyapti.

Bolalarning otasi Zokir Mamarafiqov esa mutasaddilarning harakatiga tushunmay halak.

«Amaliy yordam so‘rab, og‘zaki va yozma yo‘llagan murojaatlarimiz samarasiz yakun topmoqda. Ovoragarchilikning cheki yo‘q. FXDYo bo‘limi xodimlari murojaatimizni na rad etadi, na ijobiy hal etadi. Sud esa FXDYoning yozma rad javobiga ko‘ra otalikni belgilab, bolalarga guvohnoma berilishini hal qilishi mumkin ekan. FXDYo esa rad javobni ham bermaydi», — deydi u.

Men esa shuncha sansalorlik ichida ulg‘ayib, maktab ta'limidan mosuvo qolishi mumkin bo‘lgan bolalarning taqdiri haqida o‘ylab qoldim. Nahot, mutasaddilar bolalarning manfaatida biror chora o‘ylab topmasa? Fuqarolik ishlar bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun FXDYo munosabati zarur bo‘lsa, nega mansabdor shaxs ishni paysalga solyapti? Rahbarlar bolalarning otasi tirikligi, ularning boquvchisi borligini bila turib, nega yolg‘iz onalikni belgilashni taklif etmoqda? Bularga esa javob yo‘q.

Alisher Ro‘zioxunov

Top