19:19 / 09.02.2019
23381

Shayba, klyushka, drayv: xokkey O‘zbekistonga qaytdi

Ko‘pchilik uchun O‘zbekiston sharoitida muz ustida xokkey sport turi bilan shug‘ullanish noodatiydek tuyulishi mumkindir, biroq yurtimizning o‘z xokkey tarixi bor va uni sevuvchilar uchun kambek amalga oshirildi.

Muz ustida xokkey O‘zbekiston sportida qanday o‘ringa ega va u aholi o‘rtasida futbol, boks kabi ommalasha oladimi? Quyida shu savollarga javob topishga yordam beruvchi ayrim ma'lumotlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Tarix

"Spartak" jamoasi

O‘zbekistonda xokkey o‘tgan asrning 70-yillarida shakllana boshlagan. Dastlab 1971 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan «Spartak» klubi yurtimiz hududida xokkey sporti shakllanishi uchun zamin bo‘lgan. Ikki yildan so‘ng «Binokor» nomini olgan ushbu klub o‘yinchilari O‘zbekistonning o‘sha davrdagi terma jamoasi asosini tashkil etgan.

Sharof Rashidov o‘zbekistonlik xokkeychilar bilan

Terma jamoa 1978 yilda qishki Spartakiadada debyut o‘yinini o‘tkazgan va jami 3 marta shu musobaqada qatnashgan. 70-yillarda «Binokor» eng janubiy hududda joylashgan xokkey jamoasi sifatida hatto Ginness rekordlar kitobiga kiritilgan.

Oradan o‘n yil o‘tib esa «Binokor» klubi faoliyati to‘xtatiladi. 20 yildan ko‘proq davom etgan tanaffus 2013 yilda klubning qayta tiklanishi bilan nihoyasiga yetadi.

O‘zbekistonlik xokkey jonbozlarining harakati bilan 2018 yilning 28 martida O‘zbekiston xokkey federatsiyasi tashkil etildi. Uning bosh kotibi sifatida o‘zbekistonlik ilk professional xokkeychi, 1976-1988 yillarda «Binokor» tarkibida shayba surgan Shukrullo Karimov ish boshladi.

Bugun

2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev universal sport saroyi – “Humo” va uning ichida qishki sport turlariga moslangan yangi muz arenasi qurishga topshiriq berdi. Bu issiq va quruq iqlimga ega O‘zbekiston hududida ham muz ustidagi xokkey bilan yilning istalgan vaqtida shug‘ullanish imkonini beradi.

 

2019 yilning 8 fevralida esa xokkey bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston chempionati start oldi. Unda to‘rt jamoa – «Binokor», «Toshkent», «Humo», «Semurg‘» klublari 2019 yilning 17 martiga qadar o‘zaro 24 o‘yinda muz ustiga chiqadilar.

Ilk tur o‘yinlari esa quyidagi natijalar bilan yakunlangan:

«Toshkent» - «Binokor» 5:1.

«Humo» - «Semurg‘» 4:5.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Ertaga

O‘zbekistonda xokkey sport ekipirovkasi narxi qimmat (500$) va mamlakat aholisining katta qismi futbol va boks sport turlarining muxlisi hisoblanadi.

O‘zbekiston xokkey federatsiyasi yosh xokkeychilarning xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta'minlash uchun zarur sharoitni yaratib berayotgani, O‘zbekistonda xokkeyning ham e'tibor markazidagi sport turlaridan biriga aylantirish yo‘lida tashkilot tomonidan qilinayotgan ishlarning barqaror kechishi holatni ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin.

«Humo» arenasining loyihasi

Shuningdek, Toshkent shahrida qurilayotgan «Humo» arenasi 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan universal sport majmuasi bo‘lishi kutilmoqda. Kelajakda bunday majmualarning Samarqand, Qarshi va Andijonda ham qurilishi rejalashtirilgani respublika bo‘ylab xokkeyning ham bosqichma-bosqich rivojlanishiga zamin yaratadi.

Rossiyalik jurnalist Oleg Dmitrev O‘zbekistonda xokkey sport turining istiqboli to‘g‘risida fikr bildirar ekan, shunday deydi:

«Binokor»ning tiklanishini kuzatish juda qiziq bo‘lardi. O‘zbek jamoasi Astananing «Baris»i kabi Kontinental Xokkey Ligasida o‘ynashi mumkin. Albatta, legionerlarsiz bu juda mushkul. Masalan, Xitoyda belaruslar, shvedlar, finlar va kanadaliklar o‘ynaydi. Ularning Toshkentga kelishi uchun yetarlicha moliyaviy imkoniyat mavjud.

O‘zbekistonlik xokkey ishqibozlari mamlakatda xokkeyning shiddat bilan rivojlanishiga ishonmoqdalar. Ular bunda o‘zbekistonlik va xorijlik tadbirkorlarning ushbu sport turiga sarmoya kiritishiga umid qilishmoqda.

Overtaym

Xokkey sport turi Yer sharining shimolida joylashgan davlatlar – AQSh, Kanada, Rossiya, Finlyandiya, Daniya, Norvegiyada keng tarqalgan sport turlaridan sanaladi. O‘zbekiston uchun uzoq tanaffusdan so‘ng xokkeychilarning mutlaqo yangi avlodi bilan jahon darajasidagi terma jamoani, klublarni shakllantirsa bo‘ladi.

O‘zbekistonda ilk xokkey chempionatining boshlanishi nafaqat xokkey, balki muz ustidagi boshqa sport turlariga ham e'tibor qaratilishi, ularning rivojlanishidan dalolat beradi.

O‘zbekiston brendining shakllanishida sportning o‘rni ham juda muhim. To‘g‘ri, siyosat va sportni mutlaqo ayro tushunchalar deya hisoblovchilar topiladi. Biroq...

Masalan, AQSh va Yevropa davlatlari aholisining tasavvuriga Rossiya Federatsiyasining salbiy imiji o‘rnashib bo‘lgandi.

Rossiyalik xokkeychilarning xalqaro musobaqalar, turli nufuzli xokkey ligalari – jumladan, Shimoliy Amerika Milliy xokkey ligasidagi ishtiroki turli davlatlar fuqarolarining mamlakatga boshqa rakursdan qarashiga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, muz ustida xokkey bilan shug‘ullanuvchi mashhur sportchilar, legionerlar topadigan daromad ham anchagina. Milliy xokkey ligasining (NHL) eng serdaromad o‘nligi o‘tgan mavsumda umumiy hisobda 144 mln. dollar ishlab topgan.

Ro‘yxatning birinchi o‘rnida turgan Konnor Makdevid o‘tgan mavsumda 19,5 mln. dollar, rossiyalik Aleksandr Ovechkin esa 14,5 mln. dollar daromad qilgan.

O‘zbekiston xokkeyi hali toza muz ostonasida turibdi. Uning rivojlanishi haqiqatan iqtidorli va intiluvchan yoshlarning klublarga adolatli tarzda jalb etilishini talab qiladi.

Shuningdek, chempionat va unda ishtirok etadigan klublar infratuzilmasi, brendingi to‘g‘ri tashkil etilishi ham O‘zbekiston muz ustida xokkey bo‘yicha yaqin kelajakda jahon darajasiga chiqishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mirzayor Erkinov

Top