18:02 / 11.02.2019
13418

Mirjalol Qosimov: «Legionerlarimiz hali to‘liq tayyor emas»

Osiyo Chempionlar ligasi saralashining 2-bosqichi doirasidagi OKMK–«Istiqlol» uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va yarimhimoyachi Jasur Hasanov ishtirok etdi.

«Xudo xohlasa, ertaga OKMK uchun yangi mavsum boshlanmoqda. Fursatdan foydalanib, yurtimiz sharafini himoya qilayotgan OKMK, «Paxtakor» va «Lokomotiv» klublariga ham omad yor bo‘lishini tilayman. Ertaga Olmaliqda hamma kutayotgan o‘ziga yarasha o‘yin bo‘ladi. Shogirdlarimga oson bo‘lmaydi. Yaxshi niyat bilan maydonga tushamiz. Hozir hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan. Bitta muammo - mavsum boshida turganimiz. Raqibni hurmat qilgan holda maydonga g‘alaba uchun tushamiz», - degan Mirjalol Qosimovning so‘zlarini keltirmoqda klub matbuot xizmati.

- Ikkala jamoaga ham yangi murabbiy va yangi futbolchilar kelgan. Bundan tashqari, mavsum boshi. Shunday holatda g‘alaba qozonish uchun nima muhim rol o‘ynaydi, deb o‘ylaysiz?
- Haqiqatdan ham yangi jamoa. Eng avvalo muhitni yaxshilash lozim. Chiziqlardagi bog‘liqlikni o‘rnatishga harakat qildik. Maydonga chiqqandan keyin muxlislar uchun o‘ynashni maqsad qilganmiz. Har bir o‘yinchi oxirigacha kurashishi kerak. Yurakdan o‘ynash kerak. O‘yinchi maydonning har bir qarichi uchun kurashsa, o‘ylaymanki natija yaxshi bo‘ladi.

- Legionerlar haqida fikrlaringiz.
- Hozircha ular to‘liq tayyor emas. Bundan tashqari, bir legionerimiz jarohat olib qoldi. Qolaversa, ular bizga kechroq qo‘shilishdi. Hali mavsum uzoq davom etadi. Shu bois yaqin orada ularning foydasi tegadi. Ular jamoaga moslashib ketishlari lozim.

- «Istiqlol» haqida qanday fikrdasiz?
- Jamoaning Antaliyada o‘tgan mavsumoldi yig‘inlaridagi o‘yinlarini ko‘rdik. Ammo videoda ko‘rish boshqa, maydonda ko‘rish boshqa. Menga murabbiylarninng barcha ko‘rsatmalarini bajaradigan futbolchilari yoqdi. O‘yinchilarning qisqa, o‘rta, pastlarini ko‘rdim. Menda jamoa yaxshi taassurot qoldirdi.

- Tarkibga ko‘plab yangi futbolchilar taklif etildi. Ammo tan olish kerak, jamoada o‘zini ortidan ergashtira oladigan yetakchi futbolchi yo‘q. OKMK yangi mavsumda «Lokomotiv» va «Paxtakor» kabi klublarga raqobat qilishni maqsad qilganmi?
- Futbol jamoaviy o‘yin. Agar Messi bo‘lganida boshqa gap edi (kuladi). Ammo biz jamoaviy o‘yinni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. O‘yinchilar bir-biriga yordam bersa, natija bo‘ladi. Tarkib imkon qadar kuchaytirildi. Ammo seleksiya ishlari birdaniga bo‘lmaydi. Vaqtimiz kam bo‘ldi. Yigitlarga ishonaman, ertaga maydonda yaxshi harakat qilishadi.

- «Istiqlol»ni hurmat qilgan holda keyingi raqibni o‘rganish ishlari boshlandimi?
- Albatta, raqibni har doim hurmat qilish kerak. Osiyo Kubogida ko‘rdik. Hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan. Oson bo‘lmaydi. Prinsipim shunday: o‘yindan o‘yinga sakramayman. Hammasi bir boshdan bo‘ladi. Shunday ekan, hozir bu haqida gapirishga biroz erta.

- Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va olmaliqlik muxlislarga qanday tilaklarni bildirasiz?
- Avvalo, rahbariyatga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Qisqa muddatda bizga barcha shart-sharoitlarni yaratib berishganiga yigitlar nomidan tashakkur bildirib qolaman. Muxlislar uchun maydonga tushamiz. Ularni esa stadionga kelib bizni qo‘llab turishlarini so‘rab qolaman. Olmaliqda yaxshi jamoa shakllantirsa bo‘ladi. Maqsadimiz, OKMKni kuchli jamoaga aylantirish. Muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi, nasib qilsa.

- Osiyo kubogida Qirg‘iziston, Turkmaniston, Vetnam terma jamoalarining kuchli o‘yinini ko‘rdik. Jamoa ushbu termalar futbolchilari xizmatidan foydalansa bo‘lmaydimi?
- Yuqorida ham aytdim, vaqt oz bo‘ldi. Seleksiya ishlarida chertib-chertib legioner tanlanadi. Hozircha o‘zimizning futbolchilarning imkoniyatidan foydalanishni ma'qul ko‘rganmiz.

Eslatib o‘tamiz, OKMK–«Istiqlol» uchrashuvi ertaga, Olmaliqdagi OKMK sport majmuasida soat 16:00da start oladi.

Top