16:35 / 13.02.2019
14719

Iskandar Shodiyev O‘zbekiston xokkey federatsiyasi raisining o‘rinbosari etib saylandi

Bugun, 13 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi rahbariyati va mutasaddilari, hakamlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masala federatsiya raisiga o‘rinbosar saylashdan iborat edi. Shu munosabat bilan mazkur lavozimga «Binokor» xokkey klubi menejyeri Iskandar Qosimovich Shodiyev nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qildilar. Shu tariqa, Iskandar Shodiyev O‘zbekiston xokkey federatsiyasi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

«Menga ana shunday imkoniyat berilganidan xursandman. O‘zbekistonda xokkey asta-sekinlik bilan rivojlantirilmoqda. Bu yildan milliy chempionat ham tashkil etildi. Poytaxtimizda katta muz arenasi bunyod etilmoqda. Maqsadimiz – xokkeyni Respublika bo‘ylab rivojlantirishdir. Birgalikda ishlab kelajakda muvaffaqiyatlarga erishamiz va vaqti kelib KXLda ham o‘z jamoamiz bo‘ladi», – dedi Iskandar Shodiyev.

MOQ rahbari Umid Ahmadjonov ham kelajakda xokkey yurtimizda rivojlanishi haqida gapirib o‘tdi.

«Mart oyida yurtimizda «Humo» muz saroyi foydalanishga topshiriladi. Kelajakda bunday muz arenalari viloyatlarda ham ko‘payishiga umid qilamiz va xokkeyni butun mamlakatimiz bo‘ylab rivojlantiramiz», – dedi Umid Ahmadjonov.

Shu tariqa, O‘zbekiston xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi 2018 yil 28 martda Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 30 mart kuni chaqirilgan ta'sis konferensiyasida federatsiya raisi lavozimiga Baxtiyor Shuhratovich Fozilov saylangan edi. Tashkilot bosh kotibi sifatida o‘zbekistonlik ilk professional xokkeychi Shukrullo Karimov faoliyat olib bormoqda. Federatsiya hozircha Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) a'zosi emas.

O‘tgan hafta, 8 fevral kuni xokkey bo‘yicha birinchi O‘zbekiston chempionatiga start berildi. Turnir Toshkentdagi «Ice City» muz arenasida «Binokor», «Toshkent», «Humo», «Semurg‘» klublari ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshidan buyon O‘zbekiston boks, tennis va ot sporti federatsiyalari rahbariyatida o‘zgarishlar bo‘ldi. Tadbirkorlar Saken Pulatov va Feruz Abdullayev mos ravishda boks va ot sporti federatsiyalari raisligiga saylangan bo‘lsa, Iroda To‘laganova tennis federatsiyasi bosh kotibi lavozimini egalladi.

Top