08:48 / 18.02.2019
15803

Tramp razvedkaning Shimoliy Koreya haqidagi hisobotiga Putin sababli ishonmagani ma'lum qilindi 

Foto: Guido Bergmann/Bundesregierung via Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp razvedkaning Shimoliy Koreyada AQSh hududigacha yetib bora oladigan raketalarga egaligi haqidagi hisobotiga ishonmagan, chunki Rossiya prezident Vladimir Putin unga buning aksini aytgan. Bu haqda FQBning sobiq vaqtinchalik direktori Endryu Makkeyb CBS telekompaniyasiga bergan intervyusida ma'lum qilgan. 

“Prezident Tramp Shimoliy Koreyada AQShga ballistik raketalar bilan zarba berish imkoniyati borligiga ishonmasligini aytgan. U Putin shimolliklarda bunday imkoniyat yo‘qligini aytgani sababli razvedkaga ishonmagan. Prezident Putin unga Shimoliy Koreyada aslida bunday raketalar yo‘qligini aytgan”, deb ta'kidlamoqda Makkeyb.

Uning ta'kidlashicha, razvedka xizmati xodimlari Oq uydagi brifingda Putinning aytganlari razvedkaning biror hisobotidagi ma'lumotga mos kelmasligini aytishganda, prezident “Menga baribir, men Putinga ishonaman”, deb aytgan.

“Bunga aqlbovar qilmaydi. Razvedka xizmatlari AQSh prezidentiga qaror qabul qilishida yordam berish uchun shuncha vaqt, kuch sarflaydi. Bu harakatlarga mutlaq ishonmaslikka, Trampning ishlarning asl holatiga ishonishni istamasligiga duch kelish – bu haqiqiy shok edi”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Makkeyb.

Avvalroq Makkeyb FQBning sobiq vaqtinchalik rahbari vaqtida Trampga nisbatan ikkita tergov o‘tkazishga buyruq berganini aytib o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, Tramp 2017 yil may oyida FQB rahbari Jyeyms Komini iste'foga chiqargandan keyin adliya vazirligida AQSh konstitutsiyasiga 25-tuzatmani amaliyotda qo‘llash imkoniyati muhokama qilingan bir qator yig‘ilishlar o‘tgan. Uning birinchi bo‘limida “Prezident lavozimidan chetlatilsa yoki vafot etsa, yoxud iste'foga chiqsa, vitse-prezident prezident bo‘ladi”, deyilgan.

Makkeyb Komi iste'foga chiqarilgandan keyin 2017 yil 9 maydan 2 avgustgacha FQB direktori vazifasini bajaruvchi lavozimini egallagan. 

Top