08:56 / 21.02.2019
16666

«Urush va anneksiya»: NATO sobiq rahbari Belarus kelajagi haqida gapirdi

Foto: Global look press

NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning fikricha, kelajakda Belarus «urush va bosib olish»ni nazarda tutadigan «Ukraina ssenariysi»ga duch kelishi mumkin. U Liga.net portaliga bergan intervyusida o‘z fikrini bildirdi.

Suhbat chog‘ida jurnalist Rossiya «o‘zining tajovuzkor siyosatini davom ettirayotgani» va qo‘shinlarini g‘arbiy chegaralarga yaqinlashtirib kelayotgani haqida aytdi. Rasmussen bu fikrni qo‘llab-quvvatladi hamda Belarus uchun «asosiy xavf» «urush va anneksiya bo‘lgan Ukraina ssenariysi»ning takrorlanishi ekanini ta'kidlab o‘tdi.

«Agar islohotlar boshlanmasa, bu mamlakatni [Belarus] xuddi shunday ssenariy kutmoqda. Mening Belarus xalqi va mamlakat rahbariyatiga maslahatim shundan iboratki, ruslar tajovuzkorligidan himoyalanish uchun - demokratiya hamda erkinlikka olib boradigan islohotlarni boshlash kerak», - dedi Rasmussen.

Shuningdek, uning ma'lum qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarus «katta rus davlatiga qo‘shilishi kerak» ekani haqida gapirgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lukashenko Belarusga G‘arb va Sharqdan tahdid borligi haqida ogohlantirgandi.

 

Mavzuga oid
Top