07:54 / 21.02.2019
9327

Venesuelaning BMTdagi harbiy attashesi Guaydo tomonga o‘tdi

Venesuelaning yana bir yuqori lavozimli mansabdor shaxsi o‘zini vaqtinchalik prezident deb e'lon qilgan, mamlakat parlamenti spikeri Xuan Guaydo tomonga o‘tdi. Bu haqda AQSh prezidenti maslahatchisi Jon Bolton ma'lum qildi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Guaydo tomonga Venesuelaning BMTdagi harbiy attashesi – polkovnik Pedro Chirinos o‘tgan.
 
Avvalroq mamlakatning Vashingtondagi harbiy attashesi Xose Luis Silva Guaydoni qonuniy prezident deb tan olib, qolgan harbiylarni ham undan o‘rnak olishga chaqirgan.

Bu orada Puerto-Rikodan 20 tonna gumanitar yordam ortilgan yuk kema Venesuela tomon yo‘l oldi. Bu haqda Guaydo ma'lum qildi. 

U tvitterdagi xabarda gumanitar yukni “ozodlik bilan liq to‘la konteynerlar” deb atagan.

Venesuela hukumati 20 fevralda Falkon shtatida Aruba, Bonayre va Kyurasao orol-davlatlari bilan havo va dengiz chegaralarini yopib qo‘yganini va bu orollardan shxuna hamda samolyotlar qabul qilinishi to‘xtatilishini e'lon qilgandi.

Kyurasao orolida Venesuela uchun Yevropa Ittifoqidan gumanitar yordamni to‘plash bo‘yicha uchinchi markaz tashkil etilgan bo‘lib, qolgan ikkitasi Kukuta (Kolumbiya) va Roraymada (Braziliya) joylashgan.  

Oxirgi kunlarda Guaydo AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan to‘plangan gumanitar yordamni Venesuelaga yetkazish masalasini hal qilishga urinmoqda. Mamlakat prezidenti Nikolas Maduro esa bu yuklarni o‘tkazmaslikka harakat qilmoqda.

Mavzu
Venesuelada siyosiy inqiroz
Venesuela prezident Nikolas Maduroga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari girdobida qoldi. 23 yanvar kuni, ushbu namoyishlar avjiga chiqqan vaqtda Venesuela parlamenti rahbari Xuan Guaydo o‘zini mamlakatning muvaqqat prezidenti deb e’lon qildi
Barchasi
Top