18:05 / 28.02.2019
8761

Aholi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan rozimi? - Jizzax shahridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyati haqida

Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi haqida ko‘p yozilmoqda, ko‘p gapirilmoqda. Chunki har birimizning davlat idoralariga ishimiz tushadi. Aholiga bir joyda, tezkor, qulay, shaffof va sifatli xizmat ko‘rsatish, navbatda turishlarni keskin kamaytirish, sarf-xarajatlarni tejash, sansalorlikning oldini olish, xalq davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga erishish, qimmatli vaqtni tejash maqsadida tashkil etilgan ushbu markazlar orqali qanday xizmatlar ko‘rsatilmoqda?

«Jizzax shahar Davlat xizmatlari markazida bugungi kunda o‘ndan ziyod xodim faoliyat yuritadi. 2018 yil davomida Jizzax shahri bo‘yicha 29 ming 270dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatildi, — deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Zafar Yusupov. — Bugungi kunda yurtdoshlarimizga zamon talablariga mos ravishda 37 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda, joriy yilning aprel oyidan esa xizmatlar soni 50taga yetkazildi. Markazga kelayotgan fuqarolarning murojaatlari turlicha: ular tug‘ilganlik haqida guvohnoma hujjatini rasmiylashtirish, bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga joylashtirish hujjatlarini rasmiylashtirish, ipoteka to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruxsatnoma berish, tibbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini litsenziyalashdan tortib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida ruxsatnoma berish va hokazolardir. Bugungi kunda markazimiz tomonidan turli tashkilot va idoralarda sayyor qabullar o‘tkazilib, uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Bularning bari fuqarolarimizni markazimizdagi qulayliklar bilan yaqindan tanishtirish va ularning og‘irini yengil qilishdir».

Qisqacha tanishtiruvdan so‘ng Zafar Yusupov markaz bo‘ylab kichik sayrga taklif qildi.

«Ko‘rib turganingizdek, markaz ertalabdan gavjum. Bir kunda 600tagacha murojaatni o‘rganamiz. Kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, ijtimoiy sohalar bilan bog‘liq masalalardagi hujjatlar markazimiz orqali taqdim qilinadi. Bizga bildirilayotgan ishonch esa yanada yaxshiroq ishlashga undaydi», deydi u.

«Bilasizmi, bir paytlar tadbirkorlik qilish va ro‘yxatdan o‘tish uchun bir necha idoralarga bosh suqib soatlab, hatto kunlab idoralar yo‘laklarida viloyat markazidan poytaxtgacha bir parcha qog‘oz uchun sarson-u sargardon bo‘lardik. Bugun esa bunday ovoragarchiliklarga chek qo‘yilgani quvonarli. Asalarichilik bilan shug‘ullanaman. Bu ishni rivojlantirish maqsadida firma tashkil qildim va unga «Adolat Totli Asali» deya nom qo‘ydim. Ta'kidlash joiz, rasmiyatchiliklar ko‘p vaqt olmadi. To‘lovlarni amalga oshirishimiz bilan tegishli hujjatlarimizni qo‘limizga oldik. Markazdagi barcha xodimlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular chindan ham zimmalariga yuklatilgan ishga mas'uliyat bilan yondashishadi», — deydi tadbirkor Abdug‘ani Kamilov.

«Markazga yangi tashkil qilgan tadbirkorlik yo‘nalishim hujjatlarini rasmiylashtirish va ro‘yxatdan o‘tish maqsadida kelgandim. Kushxona tashkil qilyapmiz. Kommunikatsiya sohasidagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish kutganimdek ko‘p vaqt olmadi. Baraka topishsin, bugunning o‘zida barcha ishlarimizni yakunladik. Shunisi quvonarliki, endi u idoradan bu idoraga arzimagan ma'lumot uchun borishlar yo‘q. Navbat kutib yo‘q joydan kamchilik topib xunob bo‘lishlar ham. Markaz faoliyati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xodimlar xushmuomalalik bilan sizni tinglashadi va kerakli xizmatni ko‘rsatishadi», — deydi «Hayot Halol Parranda» MChJ rahbari Dilafro‘z Hamdamova.

«Shuni alohida ta'kidlash kerakki, joriy yilning bir yarim oyi davomida markazimizga turli mavzularda 9 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyati o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga bir martalik mulk huquqini beruvchi umumdavlat aksiyasi bilan bog‘liqdir. Xodimlar fuqarolarimizga bu borada ham ko‘makchi bo‘lishmoqda, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Joylarda turli uchrashuvlar tashkil qilinib, aynan shu masalalarda ham kerakli maslahatlarni berib kelishmoqda. Bugungi kunda Jizzax shahri hududida 1921ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat mavjud bo‘lib, hozirgi kunga qadar aynan shu o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar masalasida markazga 1195ta murojaat kelib tushgan, ulardan 670tasi ijobiy hal etildi. Joylarda ishchi guruhlar bilan yurgan xodimlarimiz tomonidan yana arizalar qabul qilinmoqda va o‘rganilmoqda», — deydi markaz bosh mutaxassisi Jamol Mansarov.

«Men Jizzax shahridagi «Bonu shirinliklari» MChJ bosh hisobchisi Tatyana Kunafinaman. Markaz faoliyatiga ijobiy baho beraman. Xizmatlar a'lo darajada bajariladi. Muammo yo‘q. Tez va sifatli xizmatni kim istamaydi deysiz. Eng muhimi — fuqarolarga har tomonlama yengillik mavjud. Aslida shuning o‘zi ham katta gap emasmi? Bugun odamlarning hujjatbozlik masalalaridagi ovoragarchiligiga chek qo‘yildi. Endi fuqarolar emas, chindan ham hujjatlar harakatlanmoqda. Barcha ma'lumotlar va hujjatlarning yagona bazasi shakllantirilgan bo‘lib bir joyning o‘zida ishimiz hal bo‘lmoqda. Eng muhimi ham vaqtimiz, ham mablag‘imiz tejalayapti», deydi keluvchilardan biri.

Bugungi kunda agentlikning 1148 qisqa raqamli ishonch telefonlari ham ishga tushirilgan. Aholi bilan yaqindan muloqot qilish, shaffoflikni ta'minlash Davlat xizmatlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda elektron hamkorlik qulaylik yaratayotgani bor gap. Yaqin kunlargacha fuqarolar hujjatbozlik ishlarida qiynalardi. Bitta hujjatni to‘g‘rilash uchun, bir necha rahbarning eshigida sarg‘ayib ovora bo‘lardi. Davlat xizmat agentligi aholining koriga yaraydigan muassasa sifatida tilga tushdi. Talab ham shu aslida. Xalqning og‘irini yengil qilish, uning davlat idoralariga ishonchini oshirish maqsadida tuzilgan markazni chin ma'noda milliy tizim deya ayta olamiz va shunday bo‘lib qoladi.

Gulchehra Sharipova,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top