09:55 / 28.02.2019
7325

Xitoyda milliarderlar soni 213 nafarga qisqardi 

Foto: Edgar Su / Reuters

2018 yilda dunyo milliarderlari ro‘yxatidan 430 nafar kishi chiqib ketdi, bu qiymatdan deyarli yarmi (213 nafari) Xitoyga to‘g‘ri kelgan. Bu haqda Xitoyning Hurun tadqiqot kompaniyasi hisobotida aytilgan. Bunga asosiy sabab sifatida Xitoy fond birjalarida kotirovkalar va yuan kursi pasayishi keltirilgan.

Shu sabablarga ko‘ra, Xitoyda va Honkongda milliarderlar soni mos ravishda 148 va 17 nafarga kamaygan, Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Katta Xitoyda (Tayvan va Hongkong bilan birga) 2019 yil yanvar oxirida 658 milliarder bo‘lgan. Ularning soni AQShdagidan (584 nafar) 74 nafarga ko‘proqni tashkil qilmoqda. AQShda esa aksincha bir yil ichida milliarderlar soni 13 nafarga ko‘paydi. Pekindagi milliarderlar soni 28 nafarga qisqarganiga qaramay, u dunyoning milliarderlar poytaxti bo‘lib qolmoqda. Ayni vaqtda Pekinda 103 milliarder, Nyu-Yorkda esa 92 milliarder yashaydi.

Hisobotda ta'kidlanishicha, aholisi dunyo aholisining 20 foizini tashkil qiluvchi Xitoyga barcha milliarderlarning 27 foizi to‘g‘ri keladi. Xitoy fond birjasida vaziyat yaxshilansa, ularning soni keskin oshishi mumkin.

Hisobot mualliflari xitoy millatiga mansub bo‘lgan milliarderlar umumiy soniga alohida e'tibor qaratishgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yanvar oxirida ularning soni dunyo bo‘yicha 716 nafarni tashkil qilgan. 

Katta Xitoy tashqarisida xitoy millatiga mansub milliarderlar eng ko‘p Singapurda (21 nafar) va AQShda (12) yashaydi. 

Umuman olganda, hozirda dunyodagi milliarderlar soni 2470 kishini tashkil qilmoqda. 

Mavzuga oid
Top