09:00 / 01.03.2019
8121

Tanqidga munosabat: Andijon shahridagi uylar tarmog‘i ta'mirlanib, tabiiy gaz keldi

23 fevral kuni saytimizda “Andijon shahar markazidagi holat: “Dom”imizda tabiiy gaz faqat Konstitutsiya kuni va Yangi yil bayramida mehmon bo‘ladi” sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. Unda Andijon shahar 3 kichik daha, Iqbol mahallasi 42-ko‘pqavatli uy va unga yaqin bo‘lgan uylarda gaz ta'minoti juda yomon ahvolda ekanligi bayon qilingandi.

Mavjud vaziyat ommaga havola etilgan kunning o‘zida 42-uyning xonadonlarida yashovchi aholi vakillari aloqaga chiqib, “O‘ztransgaz” Andijon viloyati gaz ta'minoti hududiy filiali xodimlari kelib, vaziyat bilan tanishayotgani haqida xabar berishgandi.

28 fevral kuni “O‘ztransgaz” Andijon viloyati gaz ta'minoti hududiy filiali Kun.uz nashriga hududdagi kamchiliklar bartaraf qilingani haqida ma'lumotlarni taqdim qildi. Tashkilot rahbari Davronbek Salohiddinov imzosi bilan yuborilgan xatda Andijon shahar 3-kichik daha 42-uy va unga yaqin bo‘lgan ko‘pqavatli uylarda gaz ta'minotini me'yoriy holatga keltirish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan gaz tarmoqlari va undagi qurilmalar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib, ta'mirlash, rejim va sozlash ishlari olib borilgani va buning natijasida hududdagi uylarda gaz ta'minoti tiklangani aytilgan.    

Ma'lumotnomada bundan tashqari, Kun.uz saytida shu yilning 30 yanvar kuni yoritilgan “Vodiyda 1 yanvardan gaz ta'minoti yaxshilanishi va'da qilingan edi. O‘zgarish bo‘ldimi?” Andijon viloyati, Buloqboshi tumani M. Ismoiliy MFYdagi 6ta ko‘pqavatli uylarda tabiiy gaz ta'minoti izdan chiqqani haqidagi tanqidga ham javob yo‘llangan. Tashkilot tomonidan mazkur uylardagi gaz ta'minotini yaxshilash uchun 206 metr gaz tarmog‘i qurilib, ayni paytda uylar tabiiy gaz bilan to‘liq ta'minlanibdi.

Xatda “O‘ztransgaz” Andijon viloyati gaz ta'minoti hududiy filiali tomonidan fuqarolar bilan ishlash jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan Andijon shahar va Buloqboshi tuman bo‘limlari rahbarlariga ma'muriy choralar ko‘rilgani, uchastka gaz rahbarlari bilan suhbatlar o‘tkazilganligi aytiladi.

“Andijongaz” tabiiy va suyultirilgan gazga bo‘lgan muammolarga yo‘l qo‘ymaslik va yuqoridagi kamchiliklar qayta takrorlanmasligini nazoratga olgan.

Biz yuqoridagi uylar aholisi bilan suhbatlashganimizda, ularning barchasi tabiiy gaz ta'minoti me'yoriy holga kelganini ta'kidlashdi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top