20:58 / 04.03.2019
18319

Deduksiya haqida diskussiya. O‘zbek futbolini qanday qutqaramiz?

Futbol tizimlarida umumiy, hamma uchun to‘g‘ri qabul qilinadigan qoidalar mavjud. Ammo ba'zida bu qoidalar har doim ham ishlamaydi va boshga balki teskari yo‘ldan borish kerakmikin, degan xayollar keladi. Balki bizning holat, vaziyat va sharoitlar biroz boshqacha xulosalarga sabab bo‘lar? Bu haqida o‘ylamay turib samarali yechimlar topishning iloji yo‘q, nazarimda.

So‘nggi paytlarda «davlat korxonalari tomonidan moliyalashtiriladigan futbol klublari» degan iborani ko‘p o‘qiyapman. Bu tushuncha asosan O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi yoki PFL rasmiy xabarlarida uchrab turibdi. Aynan qaysi klublar davlat korxonalari, ya'ni davlat tomonidan moliyalashtirilayotgani aniq aytilmasa-da, bunday klublar uchun alohida qoidalar haqida ham so‘z boradi. Masalan, «2020 yildan boshlab O‘zbekistonning davlat korxonalari tomonidan moliyalashtiriladigan futbol klublarida ko‘tarma puli berish to‘xtatiladi», deyiladi shu yilning 15 fevral kuni chiqqan rasmiy xabarda.

Demak, futbol klublarini moliyalashtirishga davlat korxonalari mas'ul qilib qo‘yilgan va davlat futbolni ijtimoiy sohasi sifatida ko‘radi va uni rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjetdan bo‘lmasa ham, o‘z ulushi bor korxonalar orqali pul sarflamoqda. Sodda qilib aytganda, bundan bir necha yil oldin, futbol jar yoqasiga kelib, mahalliy hokimiyatlar yoki korxonalar futbolga pul sarflashdan qochayotgan bir paytda, Prezident qarori chiqadi va u yerda futbolni moliyalashtirish haqida so‘z boradi. Jumladan, mamlakatimizdagi davlat ulushi bor deyarli barcha katta korxonalarning nomi tilga olinib, ularga hududlardagi futbol jamoalarini qo‘llab-quvvatlash vazifasi topshiriladi. Misol uchun, OKMK Olmaliqdagi futbol klubini, Bekoboddagi zavod «Metallurg»ni, neftchilar ham bir necha klubni saqlab qolishlari kerak bo‘ladi. Mana shu tizim hozir ham amalda.

Endi birinchi abzatsdagi gapga qaytamiz, nega PFL yoki O‘FA klublarning smetasiga, qaysi futbolchiga necha pul to‘lashi-yu, ko‘tarma pullariga aralashmoqda? PFLning javobi ma'lum – «biz davlat korxonalari pul berayotgan klublarga aralashyapmiz, ular pullarni to‘g‘ri sarflashini, o‘zaro kelishib, futbol uchun berilgan pullar talon-taroj qilinmasligini nazorat qilmoqchimiz».

Masalan, bir klub bir futbolchisini ikkinchi klubga sotsa, uning transfer narxini ham PFL nazorat qilar ekan. «Futbolchi arzonga sotilmasligi kerak, unga qilingan xarajat qoplanishi kerak», demoqda PFL. Bu yerda yana «o‘g‘rilar ovlanyapti», «o‘sha klub rahbari 100 millionlik futbolchisini 50 millionga sotib, qolgan pulni naqd, o‘zining cho‘ntagiga urmasin, davlat moliyalashtirayotgan klub daromad ko‘rsin», degan fikr bor PFLda. Lekin, qizig‘i, shunaqa bo‘lishi mumkin deb, barcha uchun cheklov qilib bo‘lmaydi-ku, to‘g‘rimi? Balki klub o‘sha futbolchiga oson bo‘lishi, ancha vaqt shu jamoada o‘ynaganini hisobga olib, arzonroqqa sotishga rozi bo‘lishi ham mumkin-ku?

Masalan, Robin van Persini «MYu» juda arzon narxga sotishga rozilik bergandi. Uning maoshi kattaligidan kelib chiqib, qimmatroq narx to‘lash xaridor uchun og‘irlik qilardi, transferni qiyinlashtirardi. «Yunayted» baribir o‘ynatmayotgan futbolchi uchun baland narx qo‘yib, katta oylik to‘lab yurishdan voz kechdi va har ikki tomon uchun ham qulay narx belgilandi. Bu narx transfermarketdagi narxdan ancha arzon edi.

To‘g‘ri, «Yunayted» yo‘qotgan bo‘lsa, o‘zi yo‘qotdi, davlatning pullarini emas. Bu yerdagi asosiy farq mana shu, xolos. Ammo klub yoki o‘sha pul berayotgan davlat korxonasi samarali sarflamayotgan pulni PFL qanday nazorat qila oladi? Bu yerda tomonlar juda ko‘p – futbol rivojlanishini istayotgan Davlat, uning topshirig‘i bilan klubga pul berayotgan davlat korxonasi, pulni olayotgan klub, yana bulardan tashqari, davlat korxonasida ishlaydigan rahbariyat, «davlat klubi» rahbariyati va PFL bor. Eng yomon tomoni davlat korxonasi manfaati bilan davlat korxonasi rahbari manfaatlari doimo ham mos kelmasligini yaxshi bilamiz. Mana shu zanjir ichida juda ko‘p pullar noto‘g‘ri sarflanishi, talon-taroj qilinishi turgan gap. Har yili falon milliard so‘m pul futbol uchun sarflanaveradi, ammo futbol klubi tizimida oldinga qadam tashlash, iqtisodiy baza shakllanganini ko‘rmaymiz. Ertaga Davlat chiqib, «aravangni o‘zing tort, bo‘ldi», deb pul berishni to‘xtatsa, yana o‘sha besh yil oldingi holatga qaytib qolamiz, xolos. Besh yil ichida nima o‘zgardi?

PFL bu zanjirni, pul oqimini nazorat qila olmaydi. Faqat qandaydir cheklovlar qilish orqali, faqat halol ishlayotganlarniyam qiynab qo‘yishi mumkin xolos. Chunki, Davlat klublarga pul berib, o‘sha pullarning sarflanishini bevosita nazorat qilish majburiyatini ham, huquqini ham PFLga bermagan. Shunchaki, PFL o‘sha pullarning to‘g‘ri sarflanishi yo‘lida turli qarorlar, tavsiyalar yoki yo‘riqnomalar orqali ishlaydi, ish jarayonini nazorat qiladi, ammo moliyaviy tomoniga o‘ta olmaydi.

Buning iloji ham yo‘q. Sababi, aytaylik, futbol klubiga pul berayotgan davlat korxonasi rahbari futbolga sarflagan pullari borasida faqat o‘z rahbariyatiga hisobot beradi. Va o‘sha pullarning ma'lum qismi moliyaviy hisobotlarda aks etmaydi. Rasmiy xarajatlardan tashqari, naqd aylanmalar bor va bu yerda kalavaning uchini eng usta revizor ham topa olmaydi. Zavod rahbari «futbolga mana shuncha sarfladim» deydi, futbol klubi «shuncha kerak deydi», xullas, mana shu oraliqda juda ko‘p pullar «yo‘qolib ketadi» yoki samarasiz ishlatiladi.

PFL «davlat pulini ishlatyapsan, unday qil bunday qil» degani bilan, kimdir ularning o‘ziga ham xuddi shunday savol berishi mumkin – «davlat pullari yoki davlat korxonalari moliyalashtirilayotgan davlat pullaridan badal puli olyapsan, shuncha yilda nima o‘zgardi, Pepsi bilan shartnomadan tashqari nima qilding? Qani translatsiya huquqlari, qani marketing, axir boshqa ligalar aksincha, badal puli yiqquncha, o‘zlari klublarga pul tarqatadi-ku?». Bu savolga soatlab javob berish mumkin va to‘liq qoniqish bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, xo‘p, futbol bizda ijtimoiy soha ekan. Ijtimoiy soha ekani aniq, chunki na «O‘zbekiston temir yo‘llari», na OKMK futbolga shuncha pul sarflash orqali, marketing yoki reklamadan teng qiymatdagi foyda oladi. Olmaydi. Shunchaki, ijtimoiy mas'uliyat, yuqoridan topshiriq va qarorlargina ularni futbol bilan birlashtirib turibdi. Xullas, futbolga asosan davlat pullari sarflanayotgan ekan, tushundik, xo‘sh, Davlat hammamiz uchun bitta to‘g‘rimi? OKMK ham, «O‘zbekiston temir yo‘llari» ham, «O‘zbekneftgaz» ham davlatniki, ya'ni xalqniki, ularning futbolga sarflayotgan pullaridan ulush butun o‘zbekistonliklar uchun teng – unda nega faqat ba'zi hududlarda futbol bor, ba'zilarida yo‘q? Nega Davlat Toshkent yoki Buxorodagi xalqqa futbol berib, Gulistonga bermayapti? Nega «O‘zbekiston temir yo‘llari» «Xorazm»ni ham moliyalashtirmayapti?

Albatta, absurd mavzuga aylanib ketadi bu tariqa ketsak, lekin menimcha, Davlat pul beryaptimi, PFL bu pullar davlatniki deb klublarni «boshqarish va nazorat qilish»ga harakat qilyaptimi, demak, har bir hududda klub paydo bo‘lishi va davlatning futbol uchun sarflayotgan pullaridan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lishi kerak, tamom.

Yaqinda Ispaniyada futbolning Yalpi milliy mahsulotdagi ulushi va mamlakatga qancha daromad olib kelayotgani haqida ma'lumotlar taqdim etildi. Albatta, ideal futbol jamiyatida Davlat futbolga pul sarflamaydi va qachondir bizda ham shunday bo‘lishidan umidvorman. Davlat futbol uchun pul bermasligi kerak. Lekin hozir bu yo‘nalishda emasmiz, har yili korxonalar futbolga milliardlab pul berishyapti, uning qanchadir qismi o‘g‘irlanib, qanchadir qismi samarasiz sarflanishda davom etaveradi. Buni nazorat qiluvchi na bir tizim, na bir vosita bor va futbol «egasiz» mablag‘larni o‘zlashtirish bahonasi bo‘lib qolaveradi.

Xullas, mening taklifim shundan iborat.

Agar Davlat futbolni qo‘llab-quvvatlashni istasa va futbolni aholining ijtimoiy ehtiyojlaridan biri deb hisoblasa, bu boradagi fikr o‘zgarguncha, hozirgidan boshqacharoq tizimni havola etaman.

Avvalo, davlat korxonalari, davlat ulushi bo‘lgan korxonalarga o‘z futbol klubiga ega bo‘lish taqiqlanishi lozim. Buning hech qanday samarasi yo‘qligini allaqachon tushunib yetish kerak. Chunki, har qanaqasiga, bizda davlat korxonasi manfaati bilan davlat korxonasi rahbarining manfaati farqli bo‘lib qolish xavfi doim mavjud. Futbol klubi rahbarga shunchaki, qo‘shimcha daromad olish, qo‘shimcha aylanma yaratish, «otkat olish» uchun yana bir manbaga aylanib qolaveradi.  

O‘sha futbol klubiga pul berish «majburiyatida bo‘lgan» davlat korxonalari pullarni klublarga emas, PFLga beradi. Xuddi hozir klublar bilan bo‘lganidek, PFL va o‘sha korxonalar o‘rtasida marketing shartnomalari imzolanadi va o‘sha mablag‘lar evaziga PFL bu korxonalarni reklama qilishi mumkin.

Tasavvur qiling, «O‘zneftgaz»:

–  Futbolga qancha pul beryapsan, bir yilda?»

– Falon milliard.

– Xo‘p, shu pullarni (yoki ancha kamroq) endi o‘sha klublarga emas, PFLga berasan.

(Mantiqan o‘sha davlat korxonasi uchun farqi yo‘q bo‘lishi kerak, futbol xarajatlarining aynan qaysi hisobraqamga tushishi. Ammo agar mana shu futbolga klublar orqali pul sarflanishidan davlat korxonasi rahbarlariga alohida manfaat bo‘lsa, bu tizimga qarshi bo‘lishlari tabiiy)

Xo‘sh, bu pullarni PFL nima qiladi?

PFL klublardan badal pullari olishni to‘xtatadi. Aksincha, o‘sha davlat korxonalaridan (nafaqat davlat korxonalar, PFL o‘zi marketing bilan shug‘ullanib, boshqa xususiy kompaniyalarni ham jalb qilishi va pulni ko‘paytirishi mumkin) olingan pulning bir qismini klublarga tarqatadi. Xuddi APL marketing, translatsiyalardan tushadigan pulni klublarga tarqatadi-ku, xuddi shu kabi. Shunchaki, APL rostdan ham translatsiyalardan pul topadi, O‘zbekistonda hozir buning iloji yo‘qligidan, sal boshqacha – axir mamlakat bo‘ylab o‘nlab boqimanda klublar davlat korxonalari bilan ishlagandan ko‘ra, PFLning o‘zi shu ishni qilsa foydaliroq emasmi? Baribir butun O‘zbekistondagi klublarning professionallashuvi va kadrlarning shaffof ishlashini ta'minlashdan ko‘ra, xuddi shunday ishlaydigan PFL tashkilotini tuzish osonroq emasmi?

PFL o‘sha yig‘ilgan pullarning bir qismini Superligada o‘ynayotgani uchun klublarga tarqatadi, yana bir qismi esa, mavsum oxirida, egallagan o‘rinlarga qarab tarqatiladi. PFLdan olinadigan pul klubning bir yillik xarajatlarini qisman qoplashi mumkin va klublar aynan shu tufayli ham Superligada o‘ynashdan, u yerda jon saqlashdan manfaatdor bo‘ladi.

Xo‘sh, bu tizimda ilgariga nisbatan qanday qulayliklar bor?

Nazorat va shaffoflikka yo‘l ochiladi

Hozirda futbolning siyosat bilan aralashishi, viloyat hokimlari, aylanayotgan naqd pullar, og‘zaki topshiriqlar, «otkatlar» va hokazolarni nazorat qilish tizimi ham, vositasi ham yo‘q. Yangi tizimda hamma pul faqat rasmiy shaklda pul o‘tkazish yo‘li bilan PFL hisobiga tushadi. Davlat korxonasi yoki uning rahbari futbolga shuncha pul sarfladim, deb orada qanchadir pul o‘zlashtira olmaydi. O‘sha belgilangan mablag‘ni o‘tkazib beradi, tamom. Uning bu tizimdan qandaydir qing‘irliklarga yo‘l ochish imkoniyati yo‘qoladi.

O‘z navbatida, klub ham PFLdan, ya'ni davlatdan belgilangan va aniq ko‘rsatilgan mablag‘ni o‘z hisobraqamiga oladi. Aytaylik, homiy korxona rahbariyatidan shuncha pul kerak klubga deb, qanchadir qismini o‘zlashtirish imkoniyati bo‘lmaydi.

Va tabiiyki, PFL ham klublarni endi, bemalol tekshirishi, o‘zi berayotgan pullar qanday sarflanayotganini kerak bo‘lganda, nazorat qilishi mumkin. Klublar aniq belgilangan summani olishgach, o‘z-o‘zidan, pulga egalik huquqi paydo bo‘ladi, o‘sha pulni xarajatlarga yetkazish vazifasi qo‘yiladi. Qanchadir qismini o‘zlashtirib, keyin yetmadi, deb yana hokimiyatlardan pul qidirishga to‘g‘ri kelmaydi.

Va tabiiyki, O‘zbekistonda futbolga sarflanayotgan pullar faqat bir tuynukdan, ya'ni PFLdan o‘tayotgani tufayli, bu pullarni nazorat qilish osonlashadi. Hozir o‘sha davlat korxonalariga futbolni moliyalashtir deb og‘zaki yoki yozma buyruq yo qaror chiqarilgani bilan, aynan qancha pul sarflanyapti, qanday sarflanyapti, hech kim bilmaydi. Qaysidir korxona naqd pul bilan rozi qilsa, qaysidir viloyatda hokim tadbirkor yoki o‘qituvchilardan pul yig‘adi, qayerdadir qarzga yoki bosim asosida ishlab yurilibdi, eng yomoni aniq o‘lchov va tizim yo‘q. Men aytayotgan variantda esa, Davlat istagan paytda futbolga qancha sarflayotganini, qaysi korxonalar orqali bu ish qilinayotganini va bu pullar qanday taqsimlanayotganidan xabardor bo‘ladi.

Xususiy klublar paydo bo‘lishi mumkin

Bunday sharoit hozir ham bor. Lekin qaysi ahmoq yiliga shunchaki futbol uchun o‘n milliardlab pul sarflaydi? Judayam qiziqib, oshib-toshib ketgan taqdirda ham, yiliga milliardlab pul sarflay oluvchi tadbirkor ba'zilarning qiziqishiga sabab bo‘lmaydimi? Yangi tizimda esa, klub Superligaga chiqib olsa, tamom, yashash uchun minimal mablag‘larga ega bo‘ladi. Uyog‘i esa, o‘ziga havola, yaxshi menejment orqali, bu pullar ancha samarali sarflanishi mumkin.

Umuman, agar PFL pulni shundoq beraversa, klublar boqimanda bo‘lib qoladi, deyish xato. Birinchidan, hozir ham klublar deyarli boqimanda bo‘lib qolmoqda, ikkinchidan, Superligadan o‘sha pullarni olish uchun avvalo, Superligada qolish kerak. Hozirda Pro-Ligadagi jamoalar yuqori ligaga tahdid qila olishmaydi, chunki, chiqqan taqdirlarida ham, yetarli mablag‘ yo‘qligi tufayli turnirda ishtirok eta olmasliklari mumkin. Agar Superliga o‘z ishtirokchilariga mana shunday ta'minotni yo‘lga qo‘ysa, pastdan ham u yerga chiqmoqchi bo‘lganlar soni ortadi. Superligada turish, u yerga chiqish hozirgidek oson bo‘lmaydi.

Hozirda xususiy klub ochish va Davlatning bebiliska milliardlab pullarini futbol uchun sarflayotgan klublar bilan raqobat qilish umuman samarasiz bo‘lib qolayotgan bir paytda, nafaqat shu ishni qilish, balki xususiy klublar paydo bo‘ladi, deb ishonish ham ahmoqlikdan boshqa narsa emas.

Birinchi liganing kuchayishi

Yaqinda bir paradoksal holatni eshitdim. «Mash'al» PFLga xat yozgan va mablag‘dan qiynalayotgani tufayli «Pro Liga A»da o‘ynashdan bosh tortgan. Ammo xuddi o‘sha klub boshqa manbada agar Superligadan joy berishsa, u yerda o‘ynashga qarshi emasliklarini ham bildirishgan. Aslida bu yerda ziddiyat yo‘q. Pro Liga A va Superliga talablarida u qadar katta farq yo‘q. «Mash'al» katta pul sarflab, Superligada o‘ynashi mumkin, ammo xuddi o‘shancha pul sarflab Pro Ligada yurishni istamaydi. To‘g‘ri-da.

Lekin jamoalarning munosabati va qarashlariga e'tibor bering: shu vaziyatning o‘zi ham klublarda faqat bir yillik qisqa rejalar borligidan dalolat qilmoqda. Pro Ligaga talablar Superliganiki bilan tenglashtirib qo‘yilsada, u yerda kuchli jamoalar paydo bo‘lib qolmaydi.

Agar Superligaga chiqqan jamoaning u yerda «yashashi» uchun kerakli mablag‘ deyarli ta'minlanishi aytilsa, albatta, uning talabgorlari ham oshadi. Pro Ligada jiddiy kurash yuzaga kelishi shubhasiz.

Maoshlar va ko‘tarma pullari tartibga keladi

Hozirda PFL klublarning ko‘tarma pullarini ham tartibga keltirishga urinmoqda, ammo buning iloji yo‘q. Baribir, o‘ziga xos bozor bor, qandaydir cheklov qo‘ysangiz, qolgan summa naqd pul shaklida aylanaveradi. Yangi tizimda PFL klublarning taxminiy, o‘zi istagan smetasini ishlab chiqishi va shunga mosroq shaklda beriladigan pullarni belgilashi mumkin. Qolgan pul esa, o‘ringa qarab mukofot shaklida beriladi.

Endi qarang, shu yerda kimdir, oyliklargacha PFL tomonidan belgilansa, umuman sotsializm quryapmizmi, deyishi ham mumkin. Yo‘q, aksincha. Aynan hozir oyliklar va ko‘tarma pullarning nazoratga olishga urinish ko‘proq sotsializmga o‘xshaydi. Chunki klublarda «davlat korxonalari tomonidan moliyalashtiriladigan» deb ta'rif berganingiz bilan, baribir qancha pul davlatdan olinyapti, qanchasi boshqa yo‘llardan qoplanyapti, aniq aytish qiyin.

Hozir masalan dunyodagi futbolchilarning maoshi haqida so‘z yuritilib, biznikilar olayotgan mablag‘lar ancha kam ekanini aytadiganlar ham bor. Ammo bir narsani tushunish kerakki, Yevropa klublari o‘sha maoshlarni o‘z daromadlaridan, xususiy pullardan belgilayapti, bizda esa, bu pullar asosan davlat manbalari hisobidan shakllantirilayotgani sababli, futbolchining maoshi o‘qituvchi yoki shifokorning maoshi bilan taqqoslanishida mantiq bor.

Men tilga olinayotgan «maoshlar hisoboti» klublarga «futbolchilarga shundan ortiq bermaysan» deyish uchun emas, klublarga beriladigan summani hisoblash uchun kerak bo‘ladi, xolos. Klub o‘sha PFL bergan puldan tashqari, o‘zi daromad qilishi, marketing yoki stadiondagi daromadlar orqali pul topib, futbolchilariga istagancha maosh berishi mumkin. Qaysidir klub o‘z xarajatlarini oshirmoqchi, qimmatroq yoki yuqori maosh oladigan futbolchilarni yig‘moqchi bo‘lsa, bemalol, daromadlarini oshirsin, pulni ko‘paytirsin, marhamat. Ammo agar shu yo‘nalishda pul topa olmasa, o‘sha PFL bergan pulni yetkazishga, shunga mos maosh taklif qilishga va shunga mos futbolchilarni o‘ynatishga majbur.

Futbol menejment rivojlanadi

Yuqorida aytilganlardan xulosa qilsak, tizim bo‘yicha klublarda uch xil mazmunda daromad yuzaga keladi.

A daromad. PFL tomonidan yil boshida klublarga beriladigan, minimal xarajatlarni qoplaydigan summa;

B daromad. PFL tomonidan yil oxirida klublarga beriladigan summa. Bu jamoaning egallagan o‘rnidan kelib chiqib aniqlanadi;

S daromad. Klublarning o‘z futbol faoliyatlari orqali topgan pullari. Chiptalar, atributkalar sotish, marketing, homiylik shartnomalari, transferlar va hokazo.  

Demak, klub S yo‘nalishda istalgancha daromad qilishi, shu yo‘nalishga urg‘u berishi mumkin. Aynan shu daromadlarni oshirish orqali, Superligadagi boshqa klublarga nisbatan ustunlik yuzaga keladi, xarajatlarni oshirish imkoniyati tug‘iladi. O‘z o‘zidan, klublar pullarni tejashga o‘tishadi. B daromadni oshirish uchun yaxshi murabbiy qidirishadi, chiptalardan daromadni oshirish uchun muxlislar bilan ishlashadi, homiylardan ko‘proq pul topish uchun klub imiji va brendini rivojlantirishadi, transferlar orqali pul topish uchun akademiyalarga, murabbiylarga, skautlarga e'tiborni kuchaytirishadi.

O‘z navbatida, PFL ham professionallashuvi va o‘sha davlatdan oladigan pullarni yillar davomida kamaytirib borishga harakat qilishi lozim. Klublarning S daromadi oshgan sari, A va B daromadlarga bo‘lgan ehtiyoj pasayib boradi. Tabiiyki, qachondir o‘sha pullar qisilganda yoki yo‘qolganda, klublarda, umuman futbolimizda yashash uchun qandaydir sharoitlar bo‘lardi. Aks holda, shuncha yillar davomida davlatning, ya'ni xalqning shuncha puli tizimsiz va samarasiz sovurilishi, hech bo‘lmasa, futbolga qiziqmaydigan odamlarga nisbatan adolatsizlik, menimcha. 

Albatta, necha yildir o‘tgach, bu tenglik o‘rtadan ko‘tariladi. Baribir bir kun qaysidir klub boyroq, biri kambag‘al bo‘lib qoladi. O‘shanda ham Olmaliqda kuchli jamoa bo‘lib, butun boshli Xorazm futbolsiz bo‘lar...  Ammo o‘shanda hech kimda e'tiroz bo‘lmaydi, Olmaliqda futbolning borligi o‘sha klubning mehnatlari evaziga bo‘ladi, shunchaki, OKMK o‘sha yerda qurilib qolgani yoki hokimning futbolga qiziqishi tufayli emas...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid
Top