19:11 / 06.03.2019
8725

DTM xodimlari Toshkentda propiska olishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining mas'ul xodimlariga samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va respublika hududlaridan yuqori malakali mutaxassislarni doimiy mehnat faoliyatiga jalb etish maqsadida qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga quyidagi mazmundagi 67-band qo‘shildi:

“67. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi”.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori zimmasiga yuklandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkentda propiska qilish bo‘yicha yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi.

Top