13:38 / 08.03.2019
45845

30 yillik «tavqi la'nat». «Liverpul»ga yana nima yetishmayapti?

Foto: Getty Images

Angliya Premer-Ligasi 29-turidan so‘ng musobaqa peshqadami o‘zgardi. Uzoq vaqt yetakchilik qilib kelgan «Liverpul» hamshahari «Everton» bilan durang o‘ynagach, ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Angliyaning eng sovrindor ikki klubidan biri bo‘lgan «Liverpul» 29 yildan buyon Angliya chempioni bo‘la olmaydi. Bu orada Chempionlar Ligasi, UYeFA Kubogi va Yevropa Superkubogida g‘olib bo‘lgan jamoaga negadir ichki chempionatda omad kulib boqmayapti.

Angliyada futbolda pul asosiy narsa emas, deb o‘rganishgan. O‘zlarining «old skul»larini qadrlaydigan inglizlar katta pullar evaziga paydo bo‘lgan klublarni xushlamasliklari ham bor gap. Shunday bo‘lsa-da, arab kapitali evaziga yangi davrga qadam qo‘ygan «Manchester Siti» APLda g‘olib bo‘ldi. Keyinchalik omadsizlik ramziga aylangan «Arsenal» ham nolinchi yillar boshida Venger bilan uch marta Premer-Ligani yutgandi. Rus kapitalisti oyoqqa turg‘izgan «Chelsi» muntazam chempion bo‘lib keladi, «MYu» ser Aleks vaqtida Premer-Ligada g‘olib bo‘laverib zerikib ketgandi. Orada bir mavsum oldin zo‘rg‘a ligada jon saqlab qolgan «Lester» ham chempion bo‘ldi, lekin albionning eng sevimli jamoalaridan biri «Liverpul» hech chempion bo‘la olmayapti. Nimaga axir?!

Klopp kelgach ancha kuchaygan «Liverpul» joriy mavsumda ikkinchi o‘rindagi «Siti»dan 7 ochko ilgarilab ketganida, muxlislar ana endi chempionlikni hech kimga bermaymiz deyishgandi. Lekin 7 ochkolik farq yo‘qqa chiqib, yana «Siti» yetakchiga aylandi. Nahot «Liverpul» yana Angliya chempioni bo‘la olmasa? Klopp va yigitlariga yana nima yetishmayapti?

Boshdan baland sakrash...

Foto: AFP/Getty Images

Yurgen Kloppning «Liverpul»ga kelishi nafaqat «Liverpul» va Angliya futboli uchun, balki butun dunyo futboli uchun yaxshi o‘zgarish bo‘ldi. Chunki Klopp muxlislar ko‘z o‘ngida juda yoqimtoy va hech kimdan qo‘rqmaydigan jamoani tashkil qildi. Kloppning har bir mavsumida progress sezilmoqda. 2016 oktyabrda «Liverpul»ni qabul qilib olgan Yurgen jamoani haqiqiy «bezori»ga aylantirdi. Chempionatda 8-o‘rin bilan kifoyalangan «Qizillar» Yevropa Ligasida finalgacha yetib borishdi. Biroq hal qiluvchi o‘yinda «Yevropa Ligasining «Real»iga aylangan» «Sevilya» Kloppning «bezori yigitlarini» mag‘lub etadi.

Keyingi mavsumda esa (2017-18 yilgi mavsumda) «Liverpul» APLda katta qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, to‘rtlikka kirdi. Kloppning «Liverpul»dagi hozircha eng katta natijasi esa Chempionlar Ligasida qayd etildi. Jamoa finalgacha yetib bordi. Tan olish kerak, «Liverpul»ning finalga yetib borishi katta sensatsiya bo‘ldi. Hatto Angliyada ham ko‘pchilik Klopp jamoasining finalgacha borishini kutmagandi. «Qizillar» chorak finalda APLning bo‘lajak chempioni «Manchester Siti»ni mag‘lub etishgani esa jamoa muxlislariga ikki hissa zavq bag‘ishladi.

Bugun «Liverpul» Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biriga aylandi, hujumdagi uchlik super holatda, lekin o‘tgan mavsum oldidan ularga qanday qarashardi bir eslab ko‘ring. Roberto Firmino «Hoffenxaym»da o‘zini ko‘rsatgan, lekin Angliyada kutilganidek porlay olmayotgan braziliyalik futbolchi edi. Bugun u Kloppning ta'biri bilan aytganda, «Liverpul»ning yuragiga aylangan Bobbi Firmino. Sadio Mane «Sauthempton» safida APLning eng tezkor het-trigini muallifi bo‘lgan afrikalik fubolchi edi. Bugun u Yevropaning top darajadagi hujumchilaridan biri.

Muhammad Saloh oshib borsa Angliyada ishlari yurishmay Italiyaga ketgan va «Roma»da tuzukkina vinger ekanini isbotlagan misrlik futbolchi edi. Bugun u APL tarixida bir mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi, Yevropada «bezbetlarcha» Ronaldu va Messining hukmronligiga daxl qilishga urinayotgan megayulduz. Endryu Roberson Premer-Ligada oxirgi o‘rinlarda yurib, keyinchalik chempionshipga yo‘l olgan «Hall Siti» futbolchisi edi. Kloppning jamoasida u Yevropaning eng zo‘r chap qanot himoyachilaridan biriga aylandi. Yurgenning ta'biri bilan aytsak, Endryu bugun Shotlandiyaning Uilyam Uollesi. Klopp «nafaqa ostonasidagi» Milnerni jamoaning eng zo‘r assistentiga, o‘rtacha futbolchi bo‘lgan Jordan Hendersonni super tayanch yarimhimoyachisiga, hali maktabni ham bitirib ulgurmagan Trent-Aleksand Arnoldni asosiy o‘ng qanot vingeriga aylantirdi. Buning nomini esa chinakamiga o‘z imkoniyatlaridan bir bosh baland sakrash deyishadi. Bunday jamoadan esa chempionlikni talab qilish to‘g‘ri emasdi.

Ha, Klopp mana shunday katta missiyani juda tez uddaladi. Esingizda bo‘lsa, «Liverpul» 2016 yil Brendan Rojyersni iste'foga chiqargach, futbol jamoatchiligi uning o‘rnini kim egallashi borasida mulohaza yurita boshladi. «MATCh TV»ning «Inglizcha aksent» degan ko‘rsatuvida qatnashgan taniqli sharhlovchi Roman Gutsayt bu borada aytgan gapi hech esdan chiqmaydi: «Agar «Liverpul»ga uzoq kutilgan Angliya chempionligi kerak bo‘lsa, Karlo Anchelottini olib kelishi kerak. Agar «Liverpul» xo‘jayinlari «banda» yaratishni xohlashsa, u holda Yurgenn Klopp eng yaxshi variant». Chindan ham Klopp «banda» yarata oldi. Uning jamoasi xohlagan jamoasiga 5talab gol ura boshladi, lekin har qanday o‘rtamiyona jamoa ham «Liverpul»ni yengib ketaverdi. Oqibatda Kloppning jamoasi Robin Hud laqabini oldi.

Klopp o‘tgan mavsumlardagi o‘ta qaynoq o‘yin natija bermasligini, jamoa «o‘zini bosib olishi kerakligini» tushundi va «Liverpul» o‘yiniga bosiqlik, aql qo‘shishga qaror qildi. Boshqacha qilib aytganda «Liverpul» joriy mavsumda 1:0 hisobidagi g‘alabaga ham qanoat qilishni o‘rgangan, haqiqiy yetakchilarga xos salobatli jamoaga aylandi. Mavsum avvalidagi quruq o‘yinlar, kuchli beshlikda kam gol o‘tkazib yuborish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlar barchasi yaxshi ketayotganini ko‘rsatdi. Ammo mavsum hal qiluvchi pallasiga kirar ekan, «Liverpul» yana qoqilishni boshladi. 30 yildan buyon chempion bo‘la olmayotgani jamoaga katta bosim yuklay boshladi. Oqibatda yetakchilik boy berildi. Hozircha, albatta.

O‘zgarmas 11talik

Hozir Angliyada chempionlik uchun kurashayotgan «Manchester Siti» va «Liverpul»ning asosiy ikkita farqi bor va o‘sha farqlar Gvardiola jamoasining foydasiga ishlamoqda. Bu farqlar tarkib bilan bog‘liq. «Liverpul» juda ko‘p o‘yinlarda deyarli bir xil tarkib bilan o‘ynadi. Markaziy himoyachilar jarohat sabab o‘zgarib turganini inobatga olmasak, qolgan chiziqlarda o‘zgarmas tarkib paydo bo‘ldi. Bu esa top-klublarni hal qiluvchi pallada oyog‘idan chaladigan narsa. To‘g‘ri, muqim asosiy tarkibning shakllanishi jamoaviy o‘yin uchun zarur, lekin har qanday futbolchi asosiy tarkibda tushishi aniq ekanini bilsa, bo‘shashadi. Bu kerak bo‘lsa insonning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan instinkt.

«Siti»da esa hatto klub afsonasi Serxio Agueroga ham asosiy tarkibda o‘rin kafolatlanmagan. Hujum chizig‘idagi futbolchilar doim almashib turishadi, chunki ular shunchalik ko‘pki, ulardan bitta jamoa tuzsa bo‘ladi. Pep tarkibni tez-tez o‘zgartirishi bilan zaxirada kuchli raqobatni shakllantirgan. «Liverpul»da esa zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, natijaga ta'sir qila oladigan futbolchilar ro‘yxati Sherdan Shakiri bilan boshlanadi va shu yerda tugaydi. «Siti»ning biz yuqorida ta'kidlagan ikkinchi ustunligi aynan zaxira imkoniyatlarining kengligida.

Arosatdagi Saloh

Foto: AFP/Getty Images

Muhammad Saloh o‘tgan mavsum o‘ng qanot hujumida o‘ynab APL to‘purari bo‘ldi. Joriy mavsum avvalida Klopp uni markaziy hujumda o‘ynatishga qaror qildi. Murabbiy bu bilan hujumchining samaradorligini yanada oshirishga qaror qildi. Biroq Salohning markazga moslashishi oson bo‘lmadi. Chunki markaziy hujumda gabaritli futbolchilar o‘ynashi yaxshiroq, Saloh esa gavdasi bilan maqtana olmaydi. Buni payqagan Klopp oxirgi o‘yinlarda Salohni yana o‘zi yoqtirgan chiziqda o‘ynatmoqda. To‘g‘rirog‘i, Saloh Messi kabi xohlagan yerida o‘ynashi mumkin. Mana shunday ko‘p sonli o‘zgarishlar Salohning o‘yiniga biroz salbiy ta'sir qilgandek.

Klopp javobgarlikni his qilmoqda

Bugun kuchli beshlikda iste'fosi haqida gap so‘z bo‘lishi mumkin bo‘lmagan bitta murabbiy bo‘lsa, bu shubhasiz, Yurgen Klopp. Biroq germaniyalik murabbiy klub «uning og‘zidan chiqqan» istagini bajargani uchun o‘z-o‘zidan katta mas'uliyatni his qila boshladi. Futbol tarixidagi eng qimmat himoyachi, oxirgi yillardagi eng xaridorgir darvozabonni olib kelish klubga 150 million yevroga tushdi. Yetmaganiga yana shuncha pul o‘tgan yozda xarj qilindi. Bunday super transferlar natija berishi uchun esa avvalo murabbiy javob beradi.

Aynan mana shu mas'uliyat sabab Klopp o‘tgan yilgi «bebosh» «Liverpul» rejimini yoqishga shoshmayapti. Biroq natijalar hozirgi kabi ketsa, Kloppning ham «bezoriligi tutib»: «Yigitlar, bunaqa pragmatizm bizga to‘g‘ri kelmas ekan, o‘tgan yilgi ultrapressing rejimiga qaytmiz», deyishini kutsak bo‘ladi. «Liverpul» futbolchilarining jismoniy holati bunga javob beradi axir. Bundan tashqari, himoyada van Deyk, darvozada Alissonning borligi har qanday hujumkor o‘yinda gol o‘tkazib yuborish riskini kamaytiradi. Xullas, «Liverpul» hali kurashdan chiqqani yo‘q. Chempionlar Ligasida ham, Premer-Ligada ham. Boshqa jamoalarni chempionlikka chorlash uchun sehrli so‘zlarni topish qiyindir, lekin «Liverpul» futbolchilari har qanday raqibni «yanchib tashlashi» uchun birgina xitobning o‘zi yetarli: You will never walk alone…

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid
Top