15:51 / 12.03.2019
14533

O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar ma'lum qilindi

Foto: master-uz.com

O‘zbekistonda biznes ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omil sifatida energiya manbalari narxlari yuqoriligini ma'lum qildi. Bu haqda Markaziy bankning «Iqtisodiyot real sektori korxonalari bilan o‘tkazilgan so‘rov natijalari - 2018 yil IV chorak» hisobotida aytilgan.

2018 yil IV choragi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovda jami 433 ta korxona va tashkilotlar qamrab olingan bo‘lib, ular oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat, savdo va umumiy ovqatlanish, qurilish materiallari sanoati, tibbiy xizmat sohasi, turizm sohasi, transport sohasi, qurilish ishlari sohasi va hokazolarda faoliyat yuritadi.

Ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni o‘rganish natijalari bu borada energiya manbalari narxlari yuqoriligi asosiy omillardan biri ekanini ko‘rsatdi. Bu haqda ma'lum qilgan respondentlarning ulushi III chorakdagi 21 foizdan IV chorakda 27 foizgacha oshgan. 

So‘rov davomida ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bog‘liq xatarlarning saqlanib qolayotganligini ma'lum qilgan respondentlar ulushi III chorakdagi 49 foizdan IV chorakda 59 foizgacha oshgan.

Shuningdek, korxona va tashkilotlarning mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish holati nisbatan yomonlashgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 80 foizdan past bo‘lgan korxona va tashkilotlar ulushi III chorakdagi 61 foizdan IV chorakda 64 foizgacha oshgan. 

Ushbu ko‘rsatkichning o‘tgan chorakka nisbatan pasayishi asosan elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammolarning III chorakka nisbatan keskinlashganligi bilan izohlangan. 

O‘z navbatida, mazkur holat iqtisodiyotda energiya manbalari iste'mol hajmining mavsumiy oshishi hisobiga shakllangan qo‘shimcha talabning to‘liq qondirilmayotganligi bilan ham bog‘liq. 

Xususan, tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan korxonalar ulushi III chorakdagi 26 foizdan IV chorakda 33 foizgacha, elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ma'lum qilgan respondent korxona va tashkilotlar ulushi esa, III chorakdagi 32 foizdan IV chorakda 41 foizgacha oshgan. 

Shuningdek, so‘rov natijalari joriy yilning IV choragida o‘z mahsulotlari (ishlar, xizmatlar) narxlarini oshirgan korxona va tashkilotlar ulushi III chorakdagi 54 foizdan IV chorakda 58 foizgacha ko‘payganligini ko‘rsatdi. Bunda, respondent korxona va tashkilotlar tomonidan narxlar o‘sishining asosiy sababi sifatida elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘i mahsulotlari narxlarining oshishi ma'lum qilingan. 

Mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar orasida xom-ashyo materiallari narxlari yuqoriligi, bozordagi nosog‘lom raqobat muhiti va sharoitlar, soliq yukining yuqoriligi hamda soliq ma'muriyatchiligi murakkabligi, aylanma mablag‘lar yetarli emasligi, korxona mahsulotlariga (ish, xizmatlariga) bo‘lgan talabning yetarli darajada emasligi, malakali xodimlarning yetishmasligi va ichki bozorda korxona mahsulotlari o‘rnini bosuvchi import tovarlarining ko‘pligi ham mavjud.

Top