23:48 / 12.03.2019
12381

«Adabiyotimiz uchun o‘zgarish va tajribalar ham qilaylik axir, mustaqilmiz-ku?». Yozuvchilar uyushmasi nasr kengashining yillik hisoboti o‘tkazildi

Bugun 12 mart kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosida uyushma nasr kengashining 2018 yildagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek adabiyoti nasr yo‘nalishida ijod qilayotgan yozuvchilar, ijodkor yoshlar, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.

 

Yig‘ilishida dastlab o‘tgan 2018 yil davomida o‘zbek adabiyotida yozilgan roman, qissa va hikoyalar bo‘yicha ma'ruzachilarning hisoboti tinglandi. Xususan, Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori G‘ayrat Murodov romanchilik, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi Umida Rasulova qissa va mazkur universitet dotsenti Dilmurod Xoldorov hikoyachilik yo‘nalishida yil davomida yozilgan asarlar bo‘yicha yig‘ilganlarga ma'lumot berdi.

Shundan so‘ng, hisobot yig‘ilishida ishtirok etayotgan adabiyot vakillari tomonidan bugungi o‘zbek nasrchiligi, unda yozilayotgan roman, qissa va hikoyalar, adabiy kengash faoliyati, xususan, bugungi tashkillashtirilgan kengash yig‘ilishi ishi tanqidiy tahlil qilindi.

Jumladan, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov hisobot yig‘ilishi ishidan mutlaqo qoniqmaganini ta'kidladi.

«Bugungi yig‘indan ham ma'ruzachilarning fikrlaridan ham shaxsan qoniqmadim. Yil davomida yozilgan asarlarni tahlil qilayotgan ma'ruzachilar ham biror-bir asarning joni, tomirini topib tahlil qilisholmadi, asosan mavzu va pafos bilan cheklanildi. Bu juda eski narsa. Bugun tahlilchilardan 2018 yilda o‘zbek adabiyotida yozilgan asarlarning badiiyoti qanday?, degan savolni kutgan edim.

Notiqlar asosan, raqamga e'tibor berishdi. Raqamlarning nima keragi bor. Abdulla Qodiriyning 20ta romani hozirgi 400ta romandan yaxshiroq bo‘lmasmidi? Bu yerda biz uslub masalasiga e'tibor berishimiz kerak. O‘zbek adabiyotida yangi uslub paydo bo‘lyaptimi yo‘qmi? Ana shu masala eng muhimi bo‘lishi lozim, qandaydir raqamlar emas.

Adabiy yig‘in, fikrlashuv va hisobot uchrashuvlarini ortiq bu kabi eskirgan uslubda o‘tkazib bo‘lmaydi. Allaqachon yangi formatga o‘tish vaqti kelgan. Bu yig‘ilish menga sovet davridagi yig‘ilishlarni eslatayapti. 1970-yillarda shunday bo‘lardi. Adabiyotimiz uchun o‘zgarish va tajribalar ham qilaylik axir, mustaqilmiz-ku?», deya adabiyotshunos so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda qatnashgan adabiyotshunos Islomjon Yoqubov esa o‘zbek adabiyotida yaratilayotgan asarlarning muhokamasi uchun bir yilda bir marta bo‘ladigan yig‘inlar umuman yetarli emasligini ta'kidladi. «Formatni o‘zgartirgan holda bo‘ladigan yig‘inlarni har chorakda bir marta o‘tkazish kerak. Biz faqat tanqidiy, tahliliy ruhda va tez-tez o‘tadigan fikrlashuvlar, va unda tug‘iladigan yangi fikrlar bilangina adabiyotimizni rivojlantira olamiz», deydi u.

Nasr kengashi yig‘ilishida keltirilishicha, so‘nggi 30 yil ichida o‘zbek adabiyotida 250dan ortiq roman yozilgan.

 

Top