14:50 / 12.03.2019
24086

Zidan qaytdi va o‘zini nishonga qo‘ydi. U yana «Real» bosh murabbiyi

Santyago Solari iste'fosidan keyin «Qirollik klubi»ni yana jamoaning sobiq bosh murabbiyi Zinedin Zidan qabul qilib oldi.

284 kun muqaddam Madrid osmonida qora bulutlar paydo bo‘lib, momaqaldiroq gumburlagandi. 2018 yilning 31 mayida «Real» tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy Zinedin Zidan iste'foga chiqqandi. Fransiyalik murabbiy jamoani yengilmas sifatida tark etgandi, u klub bilan ketma-ket uchinchi marta Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishidan bir necha kun o‘tib iste'fo berdi. Zizu klub muxlislarini yig‘latib ketgandi, u 2,5 yillik faoliyati davomida o‘z nomini abadiyga muhrlagandi.

O‘shanda Zidanning ketishini barcha to‘g‘ri tushungandi. U ketish payti kelganini his qila olgandi - u katta muvaffaqiyatlarga erishgan jamoaning asosiy futbolchilari - Serxio Ramos, Marselo, Beyl, Modrich va Ronalduning yoshi o‘ta boshlagan, qolaversa bu futbolchilar Madridda sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan, bu futbolchilar boshqa chempionatga yo‘l olish haqida ham o‘ylay boshlashgandi. Bu vaziyatda jamoani yangi cho‘qqilar sari ilhomlantirib bo‘lmasdi, bu futbolchilar yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutib bo‘lishgandi. O‘sha vaziyatda klub prezidenti Florentino Peres Zidanga yangi jamoa qurish uchun sharoitlar yaratib berishga tayyor emasdi. Natijada, fransuz murabbiy ketishga qaror qildi, uning o‘zi uchun bu eng to‘g‘ri qaror edi, u jamoani bir o‘zi noldan boshlab qura olmasdi. U vaqtida ketish orqali keyingi 2,5 yilda erishgan obro‘sini saqlab qoldi.

U 2016 yil yanvarida Rafael Benitesdan qolgan jamoani futbolchilar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatish, ular bilan do‘stlar kabi chin dildan gaplashish, kimnidir tinchlantirish, kimgadir tanbeh berish orqali to‘g‘ri yo‘lga sola olgandi. Uning sa'y-harakatlari bilan yulduz futbolchilar nozlanishni bas qilib, rostakamiga futbol o‘ynay boshlashdi, ularning iste'dodi chang bosib qolmadi. Zidan tarkibdagi futbolchilarning salohiyatini yaxshi his qilardi, undan faqat kerakli klavishni bosish talab etilardi.

Uning o‘rniga kelgan Xulen Lopetegi ham tarbiyalovchi murabbiy sifatida Ispaniya yoshlar terma jamoasi bilan Yevropa chempioni bo‘lgandi. Ammo u «Real»ni qurishda boshqa yo‘ldan yurdi va Peres bilan tushunmovchilik yuzaga keldi. «Qirollik klubi» prezidenti hali jamoani yangidan qurish nimaligini anglamasdi - bu shunchaki o‘rmonda daraxtlarni kesish emasdi, buning uchun bir necha yilgacha sovrinlarni unutish kerak edi.

Lopetegining o‘rniga kelgan Solari bilan ham shunday vaziyat yuzaga keldi. Bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagan argentinalik mutaxassis rasman bosh murabbiy etib tayinlangach, ishlar ortga keta boshladi. U ko‘rinishidan barchasini to‘g‘ri qilayotgandi, ammo bu klubda faqat natija talab qilinadi va mavsum davomida uchinchi murabbiyni almashtirishlari ham mumkin («Real» shu vaqtgacha 2004-05 yilgi mavsumdan buyon bir yilda uch murabbiyni tayinlamagandi - 14 yil oldin Xose Antonio Kamacho, Mariano Garsiya Remon va Vanderley Lushemburgu birin-ketin jamoani boshqarishgandi. 1990-91 yilda esa bu borada klub rekordi o‘rnatilgan, o‘shanda jamoada bir mavsum davomida 4 mutaxassis ishlagan - Jon Toshak, Alfredo Di Stefano, Ramon Grosso va Radomir Antich).

Shuning uchun, Zidan endi nima qilishi tushunarsiz. U prezidentning ikkita qo‘ng‘irog‘idan keyin jamoani 2022 yil yoziga qadar boshqarishga rozi bo‘lgan. Bundan buyog‘i ne kechadi? Ronaldu Madridni tark etib, Turindan qo‘nim topgan - «Real» YeChLda qatorasiga uch chempionlikdagi asosiy ishni bajargan «motori»siz qolgan. Ramos, Modrich, Beyl va Marselo hamon shu yerda, ammo ular qarishda davom etmoqda. Braziliyalik himoyachi asosiy tarkibdagi o‘rnini yosh Regilonga bo‘shatib bergan, Beyl esa umuman avvalgi sport formasiga qayta olmadi, Solari davrida u rotatsiyalarda foydalaniladigan futbolchiga aylanib qoldi, Isko esa futbol nimaligini unutayozdi, o‘tgan yil oktyabridan buyon Solari uni boshlang‘ich tarkibda o‘ynatmagan. Ko‘rinishidan, Zidan o‘zi o‘tgan yil mayida qoldirib ketgan jamoani qabul qilib oldi, tarkibda faqat Ronaldu yo‘q, Zidan davridagi asosiy darvozabon Keylor Navas o‘rniga xarid qilingan va ishonchni to‘la oqlay olmagan darvozabon Tibo Kurtua bor.

Bu safar ham murabbiyning tez almashtirilishi biroz hayratlanarli. Ko‘rinishidan, Peres Zidanni boshqa klub, masalan, «Yuventus» ilib ketishidan cho‘chigan. Bunga asos yo‘q emasdi, turinliklar avvaliga Krishtianu Ronalduni o‘ziniki qilishdi va YeChLni yutish uchun yana bir urinib ko‘rishdi. Ammo jamoa turnirning nimchorak finalidagi birinchi o‘yinda «Atletiko»ga 0:2 hisobida yutqazdi, bu esa Massimiliano Allegrining kelajagini savol ostida qoldirdi. 11 mart kuni «Real» Zidanning tayinlovini e'lon qilishidan bir necha soat oldin «Yuventus» fransiyalik mutaxassisga 3 yillik shartnoma taklif etgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, «Real» bungacha ham 9 marta sobiq bosh murabbiyni qayta lavozimga tayinlagan va shundan 3 murabbiy qaytishidan keyin ham jamoaga ko‘plab sovrinlar keltirgan: Migel Munos (1960-74) 14ta, Luis Molovni (1977-1979, 1982, 1985-86) 6ta va Visente del Boske (1996, 1999-2003) 7ta. Shu bilan birgalikda, bu murabbiylardan faqat Molovni birinchi marta tayinlanganida (1974) bitta sovrin qo‘lga kiritgan. Xasinto Kinkoses (1945-46 va 1947-48),  Leo Benxakker (1986-89 va 1992), Jon Toshak (1989-90 va 1999) kabi murabbiylarning qaytishi jamoaga sovrin keltirmagan. Baltasar Albeniz (1946-47 va 1950-51), Alfredo Di Stefano (1982-84 va 1990-91) hamda Fabio Kapello (1996-97 va 2006-07) kabi murabbiylar esa jamoaga ikkinchi qaytishida faqat bittadan sovrin yutgan. Birinchi murabbiyligida 9ta sovrin egasi bo‘lgan Zidan qaytib jamoa bilan yangi sovrinlarni qo‘lga kirita oladimi?

«Real» uchun mavsum halokatli ko‘rinish oldi, jamoa ichki turnirlarda «Barselona»ga to‘la mag‘lub bo‘ldi, madridliklarni Ispaniya Kubogi yarimfinalida mag‘lub etgan kataloniyaliklar Ispaniya chempionati turnir jadvalida 12 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilmoqda. Xalqaro arenada esa «Ayaks» ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra ustun kelib, madridliklarni YeChLning nimchorak finalida qoldirib ketdi. Mavsumning bu qismida yangi murabbiy tayinlashda nima ma'no bor? Transferlar darchasi ham, qulay rejimda ishlash uchun vaqt ham yo‘q. Boshqa tomondan bu qaror Zidan foydasiga xizmat qiladi - u jamoadagi barchani yaxshi biladi, moslashuv uchun ortiqcha vaqt talab etilmaydi. Ya'ni, agar Peresning harakatlaridan mantiq izlasak, u topiladi.

Aslida Zidan 2016 yilning yanvaridagi chaqiriqdan ko‘ra jiddiyroq chaqiriqni qabul qildi. O‘shanda madridliklarda fantastik tarkib jamlangan, shunchaki ularga to‘g‘ri yondashuv zarur edi. Hozir ham «qaymoqranglilar»ning tarkibi kuchli, ammo endi o‘shandagi kabi yulduzli emas. Bunday tarkib bilan razvedkaga chiqish mumkin, lekin Reyxstag uchiga g‘alaba tug‘in ilish oson bo‘lmaydi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.

Agar Peres buni tushunsa, muammo yo‘qdek. Zidan xotirjamlik bilan mavsumni yakunlaydi, yozda reviziya boshlaydi. Nihoyat u o‘zining qanday murabbiy ekanini, nimaning evaziga qatorasiga uch marta «quloqli kubok»ni yutib olganini ko‘rsatib berishi kerak bo‘ladi.

Agar Peres buni tushunmasa, Zizu ham osonlik bilan prezidentning navbatdagi o‘zbilarmonligi qurboniga aylanishi mumkin. Chunki hozir «Real»ni kim boshqarishi muhim emas, hozirgi jamoa sovrinlar uchun kurasha oladigan holatdamas va bir yil ichida muvaffaqiyat kutish to‘g‘rimas. «Real»da esa hamisha muvaffaqiyat sovrinlar bilan o‘lchanadi.

Zidan 284 kun oldin o‘zidan keyin keladigan murabbiyni tanqidlar uchun nishonga aylantirib ketgandi, endi u o‘sha joyga qaytdi va o‘zi miltiq qarshisiga turdi.

Mavzuga oid
Top