10:02 / 13.03.2019
59429

Ichki ishlar vazirligining bir qator vazifalari Milliy gvardiyaga berilishi mumkin

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlarni majburiy davolashga ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarini qo‘riqlash O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining kuchi bilan shartnoma asosida ta'minlanishi mumkin. Bu bo‘linmalarning soni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida belgilanadi.

Shuningdek, diplomatik vakolatxonalarni va xususiy qarorgohlarni qo‘riqlash O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taqdimnomasiga, binoan shartnoma asosida, qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan amalga oshirilishi mumkin (hozir - Ichki ishlar vazirligi). O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalariga qo‘riqlashga ishonib topshirilayotgan diplomatik vakolatxonalar va qarorgohlarning texnik mustahkamligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining normativ hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, «Do‘rmon» Milliy bog‘i hududini qo‘riqlashni ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlardan Milliy gvardiya vakolatiga o‘tkazilishi mumkin.

Bundan oldin, Milliy gvardiya o‘quv markazlarining asosiy vazifalari belgilanishi xabar qilingandi.

Top