07:46 / 19.03.2019
18145

Prezident farmoni: BAA fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirish rejimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Farmon bilan 2019 yil 20 martdan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e'tiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga ish yuzasidan keladigan Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi talabi bekor qilingan holda, bir yil muddatgacha bo‘lgan ko‘p martalik vizalarni O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi muassasalarida hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmasdan 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiradi.

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF–5611-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 yil 1 fevraldan boshlab fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatining 32-bandi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi PQ–3836-son qarori bilan tasdiqlangan 2018 yil 1 iyuldan boshlab fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasiga vizasiz tranzit kirish, vaqtinchalik bo‘lish va chiqish tartibi belgilangan mamlakatlar ro‘yxatining 62-bandi.

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov va O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid
Top