23:11 / 19.03.2019
18814

Samarqandda kuppa-kunduz kuni onasining tanishini pichoqlab o‘ldirgan yigit 20 yilga qamaldi

Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi 19 yoshli T.A. hamshahri, 39 yoshli Sh.R.ga pichoq vositasida kuppa-kunduz kuni og‘ir tan jarohati yetkazgani, jarohatlardan so‘ng erkak hayotdan ko‘z yumgani haqida ilgari xabar bergan edik.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining sudya I.Hamidov raisligida o‘tgan ochiq sud majlisida o‘z tanishiga 35 marta pichoq urib o‘ldirgan T.A. ga doir jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, T.A. 15 oktabr kuni ertalab Samarqand shahridagi avtomobil ehtiyot qismlari savdo do‘koni ichida ishlayotgan tanishi Sh.R.ning yoniga borib, qisqacha og‘zaki muloqotdan so‘ng, o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan bir necha marta zarba bergan.

Sudda oydinlashtirilishicha, onasi R.K.ga tegishli telefondagi Telegram messenjeridan Sh.R. bilan bo‘lgan yozishlaridan xabar topgan T.A. ana shunday mash'um ishga qo‘l urgan. Savdo do‘konida Sh.R. qator tan jarohatlari olganiga qaramasdan, o‘z jonini saqlashga harakat qilib qochgan, ammo T.A. ortidan yetib borib, pichoq bilan yana ko‘plab zarba bergan. Shundan so‘ng Sh.R. voqea joyida vafot etgan.

JIB Samarqand sudining 2018 yil 5 martdagi hukmi bilan 5 yilga ozodlikni cheklash haqidagi hukmiga qaramasdan, T.A. o‘ziga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni buzib, og‘ir jinoyatga qo‘l uradi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi T.A. Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2 qismi «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ozodlikni cheklash jazosining 4 yilu 5 oy 9 kun o‘talmay qolgan qismi qo‘shilib, u uzil-kesil 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘talishi belgilandi.

O‘z muxbirimiz

Top