10:00 / 29.03.2019
29521

Shahram G‘iyosovning navbatdagi raqibi aniq bo‘ldi, u kamar uchun ringga chiqadi

Foto: World Boxing News

Professional boksda faoliyat olib borayotgan bokschi Shahram G‘iyosov 26 aprel kuni o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazishi haqida xabar berilgan edi. Ayni paytga kelib, uning ushbu jangdagi raqibi aniq bo‘ldi.

Uning navbatdagi raqibi amerikalik Emmanuel Teylor bo‘ladi. Mazkur bahs 10 raundga mo‘ljallangan bo‘lib, G‘iyosov bu jangda interkontinental kamari uchun ringga ko‘tariladi. Bo‘lajak boks kechasi AQShning Los-Anjyeles shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

GoSport.uz xabariga ko‘ra, mazkur jang WBA Intercontinental chempionlik kamari uchun bo‘lib o‘tadi va 10 raundga mo‘ljallangan bo‘ladi. To‘qnashuv Kaliforniya shtatining Inglvud shahrida joylashgan mashhur kazino markazi Forum saroyida bo‘lib o‘tadi.

Ma'lumot uchun Teylor professional boksda nomdor bokschilardan biri bo‘lib, o‘z vaqtida WBA International kamari uchun mashhur Edriyen Bronerga (33-4-1, 24 KO) qarshi 10 raundlik jangda ishtirok etib ochkolar bo‘yicha imkoniyatni boy bergan. Shuningdek, Kris Algiyeri (23-3, 8 KO) Antonio Orosko (27-1, 17 KO) kabi mashhur bokschilarga qarshi ringga chiqqan.

Teylorning eng asosiy jangi esa so‘nggi jangi bo‘lib qolmoqda. 2017 yilning 5 may kuni u Lukas Martin Mattisga (39-5, 36 KO) WBA Inter-Continental va WBO International chempionlik kamarlari uchun ringga chiqib, texnik nokaut evaziga imkoniyatni boy bergandi. Oradan qariyb ikki yil vaqt o‘tib u yana ringga qaytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur boks oqshomining markaziy jangida ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasining WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va IBF kamari egasi avstraliyalik Terens Doeni (21-0, 15 KO) kamarlarni birlashtiruvchi jangda ishtirok etadi. Bundan tashqari ularning bo‘lajak raqibi Murodjon Ahmadaliyev (5-0, 4 KO) ham ringga ko‘tarilishi ko‘zda tutilgan.

Inglvudda bo‘lib o‘tadigan mazkur boks oqshomi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn va Thompson Boxing Promotions kompaniyasi rahbari Ken Tompson tomonidan tashkil qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi marta Shahram G‘iyosov 23 fevral (Toshkent vaqti bilan 24 fevral) kuni Meksikada mahalliy bokschi Edgar Puertani (25-12-1, 19 KO) beshinchi raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi.

Mavzuga oid
Top