18:54 / 01.04.2019
22484

"Vagabrothers" O‘zbekiston haqidagi stereotiplarni yo‘qqa chiqardi (foto+video)

Ijtimoiy tarmoqlar va YouTube'da "Vagabrothers" nomi ostida faoliyat yurituvchi mashhur sayyoh-blogerlar Marko va Aleks Aylinglar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taklifiga binoan O‘zbekistonda bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Qo‘mita raisi maslahatchisi Behruz Hamzayevdan olingan ma'lumotlar hamda Vagabrothers sahifalaridagi videoroliklar asosida Marko va Aleks Aylinglarning yurtimizga sayohatiga bag‘ishlangan maqolasini taqdim etdi.

"Vagabrothers" YouTube'dagi kanalida - 860 000 ga yaqin, Instagram'da - 144 000 dan ziyod, Facebook'da - 48 000 ga yaqin "follover"ga ega.

"Vagabrothers"ning o‘ziga xos ijobiy tomonlari: ularning videoroliklarga kinematografik yondashuvi va axborot uzatish shakli. Ularning obunachilari soni hozircha millionga yetmagan bo‘lsa-da, ko‘p professionallar aynan shu kanalni kuzatib boradi. Marko va Aleks Aylinglar bilan O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lidagi o‘rni va undan qolgan merosni ko‘rsatib berish maqsad qilindi, zero inglizzabon kishilar orasida Buyuk Ipak yo‘liga bo‘lgan qiziqish katta", - deydi Behruz Hamzayev.

Behruz Hamzayev

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Vagabrothers" mualliflariga poytaxt Toshkent shahri va ayniqsa, metro juda yoqqan. Shuningdek, milliy taomlarimiz ham ularga juda ma'qul bo‘lgan. Bulardan avval O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy blogerlar aynan gastronomik turizmga e'tibor qaratgani bois Aylinglar milliy taomlarga alohida to‘xtalishmagan, asosiy e'tiborni Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan shaharlarimiz va milliy merosimizga qaratishgan.

Foto: Instagram /vagabrothers

"Tarixiy va me'moriy obidalari bo‘yicha esa ularga eng yoqqan shaharlar Samarqand va Buxoro shaharlari bo‘ldi. Qadimiy yodgorliklarimiz ularni hayratda qoldirdi. Xiva shahri ham juda yoqdi, lekin ob-havo bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi. Boz ustiga, safar ro‘yxati oxiridagi shahar bo‘lgani bois Aylinglar ham biroz charchashgandi. Bundan tashqari, Orol dengiziga borib, uning fojiasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi va bu ularda katta taassurot qoldirdi. Dark-tourism degan atama bor, ya'ni shunday insonlar borki, ular aynan odamzot oyog‘i yetmagan joylarga borishni orzu qilishadi. Orol ham turizmning aynan shu turini izlovchi sayyohlar orasida mashhurlikka erishishi hech gap emas. Bu va boshqa hodisalar Vagabrothers videoroliklarida o‘z aksini topdi va ular shu kungacha folloverlarning olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Fursatdan foydalanib, ularga bunday yangicha yondashuv va professional hamkorlik uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz", - deydi Behruz Hamzayev.

"Vagabrothers" videolaridagi diqqatga sazovor jihat - ularda O‘zbekiston haqida mavjud bo‘lgan salbiy tasavvurlarni yo‘q qilishga harakat qilingan, ya'ni xorijliklar bu yerga kelmasdan oldin qanday fikrda bo‘lishgan va aslida qanday ekaniga urg‘u berishgan. Shu bilan birga, mamlakat turizmini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va islohotlar haqida ma'lumotlar taqdim etilgan.

"Minglab yillar davomida Markaziy Osiyo butun dunyo markazi, sivilizatsiyalar kesishgan joy bo‘lgan va O‘zbekiston afsonaviy Buyuk Ipak yo‘li, O‘rta yer dengizini Osiyo bilan bog‘lagan va vositachilarni bu kabi ko‘rkam shaharlarni qurishga qurbi yetadigan darajada badavlat qilgan savdo tarmog‘i vatani hisoblanadi. Samarqand va Buxoro, Toshkent va Xiva - bu yerlarning bari Iskandar Zulqarnayndan tortib to Chingizxongacha, Marko Polodan tortib to Ibn Batuta kabi tadqiqotchilargacha, Buyuk Britaniyadan to Xitoy savdogarlarigacha - barchaning e'tiborini jalb qilgan. Biz globalizatsiya tarixiga juda qiziqqanimiz bois tezroq ushbu videolar seriyasini olish ishtiyoqidamiz", - deya boshlanadi ularning "Nima uchun hozirning o‘zidayoq O‘zbekistonga sayohat qilish kerak?" nomli videoroligi.

Aka-ukalarning ijtimoiy tarmoqlardagi "Vagabrothers" hamda shaxsiy sahifalariga joylangan suratlar ostida juda ko‘plab izohlar qoldirilgan. Folloverlar orasida aynan ularning foto va videoroliklaridan keyin O‘zbekistonga sayohat qilish istagi paydo bo‘lgani va yaqin orada, albatta, bu rejalarini amalga oshirishlarini bildirganlar talaygina. O‘zbekiston shaharlaridagi qadimiy obidalar-ku barcha folloverlarning hayrat va havasiga sabab bo‘lmoqda.

"Vagabrothers"ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatuvchi kishilar O‘zbekiston bo‘yicha videoroliklar seriyasi nafaqat ajoyib, balki ta'limiy jihatdan ham foydali bo‘lgani, aksariyat o‘zi uchun ko‘p yangi bilimga ega bo‘lganini ta'kidlashgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, joriy yilda ham ko‘plab taniqli blogerlarning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda, ular bilan ham ko‘plab qiziqarli kontentlar tayyorlanadi.

Top