Sudan prezidenti Umar al-Bashir harbiy to‘ntarish paytida iste'foga chiqmoqda. Bu haqda Al Arabiya manbalarga tayangan holda xabar berdi.
Sudan armiyasi prezident saroyi, radio va televideniye ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Al-Bashirning qo‘riqchisi hibsga olingan, uning o‘zi esa uy qamog‘iga tashlangan.
Kutilishicha, harbiy kengash Sudanni bir yil davomida boshqaradi.
Al Hadath telekanalining xabariga ko‘ra, ko‘chalarda minglab odamlar al-Bashir hukmronligi tugaganini nishonlayapti.
Bundan oldin, Sudan prezidenti Umar al-Bashir hukumatni tarqatib yuborib, mamlakatda bir yillik muddatga favqulodda vaziyat tartibini kiritgandi.
Al-Bashir Afrikada eng uzoq rahbarlik qilgan prezident bo‘lib, u Sudan prezidenti lavozimini 1993 yil oktyabrdan beri egallab kelgan. Mamlakatda 2010 yilda o‘tkazilgan oxirgi prezident saylovlarida u 68,24 foiz ovoz to‘plagan.