20:09 / 11.04.2019
15545

Xalqaro baxshichilik festivali g‘oliblari taqdirlandi

Termizda Xalqaro baxshichilik festivalining rasmiy yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi, deya xabar beradi uzbekistan.travel sayti.

Festivalda 20 mamlakat vakillari o‘z iste'dodlarini namoyish etishdi, ularning mahorati Fransiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yetuk san'at va madaniyat arboblari, olimlari va malakali mutaxassislari tomonidan baholandi. G‘oliblarga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev va vazir o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekovlar topshirishdi.

Xalqaro baxshichilik festivalining Gran-prisiga Qozog‘iston vakili Uljan Baybusinova munosib deb topildi.

1-o‘rin Turkmaniston vakili Kervan Yovbasarov hamda O‘zbekiston vakili Abdunazar Poyonovga nasib etdi.

2-o‘rinni ozarbayjonlik “Oshiqlar dueti” va rossiyalik Ilgam Baybuldinov egalladi.

3-o‘rin Janubiy Koreya vakili “Hanmyra Art” guruhi hamda O‘zbekiston vakili Gulnara Allambergenova tomonidan band etildi.

Malayziyalik Kamarul Baisax festivalning eng yosh ishtirokchisi sifatida e'tirof etildi.

Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi nominatsiyasida o‘zbekistonlik Otaxon Matyakubov mukofotlandi.

Bundan tashqari, “Muxlislar e'tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Hay'at a'zolarining mehrini qozongan ishtirokchi”, “Baxshichilik san'ati festivalining eng yaxshi targ‘ibotchisi”, “Mehr-oqibatni tarannum etgani uchun”, “An'analarga sodiq baxshi”, “Qadriyatlar davomchisi”, “Ajdodlarning unutilayotgan urf-odatlarini tarannum etgani uchun”, “Do‘stlik rishtalarini tarannum etgani uchun”, “Xalqlarning qadimiy meros targ‘ibotchisi” nominatsiyalari sovrindorlari ham taqdirlandi.

Ta'kidlash joizki, Xalqaro baxshichilik festivalining ochilish marosimi 6 aprel kuni bo‘lib o‘tib, 10 aprelga qadar davom etdi, unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

“Biz xalq ijodiyotini, turli o‘lkalarda baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan ataladigan, o‘z timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etadigan insonlarning nodir iste'dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Bugun o‘z ishini boshlayotgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ayni shunday ulkan va muhim maqsadga qaratilganini alohida ta'kidlamoqchiman. Agar biz bu noyob san'atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo‘ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi”,- dedi Prezident.

Mavzuga oid
Top