17:53 / 12.04.2019
28165

“Kosmonavtika kuni”: koinot poygasi aslida qanday kechgandi?

Foto: NASA

Bugun “Kosmonavtika kuni”. Ko‘plab mafkuraviy bayramlardan farqli ravishda bu sana dunyoning ko‘pchilik davlatlarida nishonlanadi. Jumladan, O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida ham bugun, 12 aprel kuni harbiy orkestr va jamoatchilik ishtirokida koinotni zabt etgan ilk inson sifatida alqanuvchi Yuriy Gagarin haykali poyiga gullar qo‘yildi.

2019 yil 12 aprel, toshkentliklar va poytaxt mehmonlari Gagarin haykali poyida tadbir uyushtirmoqdalar.

Ibtido

Insoniyat hamisha samoga tikilib o‘tgan, uzun tunlardagi yulduzlar jilosi ming yillarki odamlarni sehrlab kelgan. Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragoniy ham shohligi bilan emas, aynan falakiyot olimi ekanligi bilan tarixda o‘chmas iz qoldirdi. Fan-texnika inqilobi qayd etilgan yigirmanchi asrga kelib esa koinot orzusiga erishish istagi juda kuchayib ketdi hamda buning uchun ikki raqobatchi davlat – SSSR va AQSh o‘rtasida mislsiz poygaga kirishildi.

Aslida dastlabki qadamlarda, bu jarayon poydevorida qurollanish poygasi yotardi. Ikkinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra AQSh ixtiyorida dahshatli qurol – atom bombasi mavjudligi oshkor qilingan va bu bomba insoniyat gardanida sinab ham ko‘rilgandi. Nagasaki va Xirosima fojiasi qurol gegemonligi nuqtai nazaridan yetakchini aniqlab qo‘ygandek edi. Buning ustiga NATOning kallakli reketalari SSSRning muhim nuqtalariga qadar uchib bora oladigan darajaga yetib qolgandi.

Ana shunday bir paytda ittifoq rahbariyati Sergey Korolyov boshliq guruhga raketalarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriq beradi. Korolyovning bolalikdan orzusi koinotga raketa uchirish edi va bu bo‘yicha urushga qadar ham loyihalar qilgandi. Ammo o‘ttiz yettinchi yil katta terrorida u ham panjara ortiga ravona bo‘ladi va faqat hunari tufayligina joni omon qoladi. Bu qamoq samoga oid tadqiqotlarni bir necha yilga ortga suradi. Urushdan keyin esa undan asosiy e'tiborni harbiy salohiyatni kuchaytirishga qaratish talab qilinadi. Ammo Korolyov har ikki tomonni birgalikda olib boradi va samoga sun'iy yo‘ldosh uchirish loyihasini ilmiy jihatdan asoslab beradi. Bu loyiha AQShdan o‘zib ketish imkoniyati borligi tufayli Nikita Xrushchev tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va 1957 yilning 6 oktyabrida SSSR ilk sun'iy yo‘ldoshni uchirishga muvaffaq bo‘ladi.

Bu xabar yashin tezligida butun dunyoni aylanib chiqdi, barcha gazetalar insoniyatning bu yutug‘i to‘g‘risida bong urdi. AQSh tomoni esa “Sputnik-1”ni hadik bilan qarshi oldi. Ular o‘z hududining samodan kuzatilishi va lozim bo‘lganda nishonga aylanib qolishidan xavotirlanishardi. Ammo sun'iy yo‘ldosh oddiygina radiouzatish qurilmasi bilan jihozlangandi xolos.

Yutuqdan ruhlangan Xrushchev Korolyovni maqtaydi va “7 noyabr – inqilob kuniga atab biror yangilik qilinglar” deb tayinlaydi. Bu vazifa ham uddalanadi va Layka laqabli kuchuk birinchi tirik jonzot sifatida samoga uchiriladi.

Xuddi shu yilning 6 oktyabrida AQSh tomoni ham o‘z sun'iy yo‘ldoshini uchirishga harakat qiladi, ammo qurilma ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida bir necha metr ko‘tarilgan joyida qulab, portlab ketadi.

Haqiqiy poyga

Bularning hammasi  insonni samoga ko‘tarish va tirik qaytarish yo‘lidagi mashqlar edi xolos. Bu loyiha ancha jiddiy edi va bu borada AQSh birinchi qadamni qo‘yishga jazm qildi. Astronavt Alan Shepardning parvozi 1961 yilning 6 martiga mo‘ljallangandi, ya'ni reja bo‘yicha Gagarin parvozidan 37 kun oldin amalga oshishi kerak edi. Ammo bulutli havo va shamollar tufayli parvoz 5 mayga qoldirildi.

Ittifoqda esa Yuriy Gagarin va German Titovlarning qaysi biri birinchi bo‘lib uchishi bo‘yicha so‘nggi soatlargacha aniqlik kiritilmadi. Va nihoyat bundan 58 yil avval, 1961 yilning 12 aprel kuni Yuriy Gagarin o‘sha mashhur “Ketdik!” (“Poyexali!”) iborasi bilan samoga ko‘tarildi.

Alan Shepard baribir samoga ko‘tarildi. Ammo uning Gagarindan 4 hafta keyin sodir bo‘lgan 15 daqiqalik parvoziga deyarli hech kim e'tibor qaratmadi. Gagarin esa nafaqat sotsialistik, balki kapitalistik davlatlarning ham haqiqiy qahramoniga aylandi va o‘ziga xos jilmayishi bilan sayyoraning eng taniqli insonlaridan biri bo‘lib qoldi.

1961 yilning 6 avgustida German Titov samoga ko‘tarilib, bir sutkadan ortiq vaqt aylandi.

1963 yilning 14 iyunida fazogir Valeriy Bikovskiy yer orbitasi bo‘ylab 5 sutka aylandi va bu bir kishilik eng uzoq davom etgan fazo safari bo‘ldi. Oradan ikki kun o‘tib, 16 iyun kuni esa birinchi kosmonavt ayol – Valentina Tereshkova samoga ko‘tarildi.

1965 yilning 18 martida Aleksey Leonov birinchi bo‘lib ochiq fazoga chiqdi va “Ochiq kosmosda yashash va ishlash mumkin” degan qisqa xulosa berdi.

G‘olib kim bo‘ldi?

Dastlabki yutuqlar SSSR tomonida bo‘lganiga shubha yo‘q. Ammo keyinchalik AQSh o‘zib ketdi. NASA shu qadar qudratli tashkilotga aylandiki, uning budjeti AQSh xarajatlari ichida borgan sari kattaroq hajmni egallay boshladi.

AQSh endi bor e'tiborini Oy missiyasiga qaratdi va buning uchun bor kuchini ayamadi. 1969 yilning 20 iyulida «Apollon-11» raketasi Yer yo‘ldoshiga yetib bordi va muvaffaqiyatli qo‘ndi. Nil Armstrongning “Bu bir insonning kichik odimi, ammo butun insoniyatning ulkan qadamidir” degan jumlasi butun dunyo ommaviy axborot vositalarini aylanib chiqdi. SSSRning raketalari esa bir necha marta muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Vladimir Komarov, Georgiy Dobrovolskiy, Vladislav Volkov, Viktor Patsayev kabi kosmonavtlar parvozlarda, loyihalarga bosh bo‘lgan marshal Nedelin raketa yonilg‘isi portlashidan halok bo‘ldi.

1968 yilning 27 martida ittifoq yutug‘ining ramzi bo‘lgan Yuriy Gagarin ham mashqlar chog‘ida sirli tarzda vafot etdi.

Koinot poygasi 1975 yillarga qadar juda shiddat bilan kechdi va oxir-oqibat AQSh ustunligi yaqqol sezilib qoldi. Aynan mana shu yilga kelib ikki davlat o‘rtasida hamkorlikka kelishilda va «Soyuz-Apollon» dasturiga start berildi.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid
Top