12:16 / 16.04.2019
28335

DSQ Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasidagi «korrupsiya o‘chog‘i» haqida ma'lumot berdi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi Toshkent shahrining Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasida «korrupsiya o‘chog‘i»ni aniqladi. Bu haqda DSQ xabarida aytiladi.

Qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, DSI xodimlari ustidan «ta'magirlik va korrupsiyadan darak beruvchi» shikoyatlar muntazam ravishda kelib tushgan.

«Aniqlanishicha, ushbu DSI xodimlari ko‘p yillar davomida davlat yoki budjet manfaatlari uchun emas, balki o‘zlarining g‘arazli maqsadlari uchun ishlab kelib, korrupsiya o‘chog‘ini tashkillashtirishgan. U yerga esa tadbirkorlar boshqa iloji yo‘qligi uchun tushib qolishgan. Natijada, budjetni to‘ldirishi va davlatning ijtimoiy poydevorini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar ularning shaxsiy cho‘ntaklariga tushgan», - deyiladi xabarda.

Davlat soliq qo‘mitasi Shayxontohur tumani DSI xodimlarining bundan keyingi korrupsion xatti-harakatlarini oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Davlat soliq qo‘mitasi raisining uch nafar o‘rinbosari boshchiligida yaratilgan maxsus komissiya hozirda «inspeksiya xodimlarining qonunga zid harakatlarini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda».

Mavjud ma'lumotlarga tayangan holda, shuningdek, o‘rganish natijalariga ko‘ra, korrupsion harakatlari fosh etilgan soliq inspeksiyasi xodimlari ishdan bo‘shatildi. Qolgan xodimlar maxsus komissiya attestatsiyasidan o‘tkaziladi.

Ta'kidlanishicha, Shayxontohur tumani DSIda 15 yil davomida «hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan, bu esa inspeksiya xodimlariga umumiy til biriktirgan holda korrupsion faoliyatni amalga oshirishiga imkon bergan».
 
Bundan oldin, DSQ Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari yoppasiga ishdan bo‘shatilganini tasdiqlamagandi.

Mavzuga oid
Top