14:28 / 16.04.2019
36773

Nima uchun taraqqiy etmaymiz? Sababi “yaxshi odam" ekanimizda(mi?)!

Foto: Shutterstock

Ha, xuddi shunday. Toki yaxshi va yomon odam haqidagi tushunchamiz o‘zgarmas ekan, taraqqiyot yo‘lida ildamlashimiz qiyin. Bunga qator misollar keltiraman. Avval bir nechta “yomon odam”lar haqida:

Bunday odamlarning biri hamkasbim. O‘zim bilan ishlaydi. Masalan, ko‘chada “tarallabedod” qilib, qoidalarni oyoqosti qilayotgan haydovchini ko‘rsa, holatni, mashina raqamini suratga olib, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘iga shaxsan uchrashadi-da, chora ko‘rilishini talab qiladi. Agar biror rahbar tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda rahbarni yer bilan bitta qiladi. “Katta”larga hurmat degan narsa yo‘q-da. 

Olis tumanlardan birida o‘n yillar oldin Salayev degan “yozuvchi” bo‘lardi. U vafot etganida rahbarlar qo‘y so‘yib nishonlashgan ekan. Sababi u biror-bir rahbarni noto‘g‘ri ishlagani qo‘ymagan. Nopok ishga qo‘l urgan qancha rahbarning ustidan yozib “boshini yegan”. Eng achinarlisi, butun umr xalq rizqini qo‘ldan kelguncha himoya qilib kelgan shu odam haqida kimdan so‘rasangiz bitta javob eshitardingiz: “Qo‘ying, u yaxshi odammas!”

Bir necha marta adolat tarozisi buzilgan chog‘da rahbariga haq so‘zni aytib, ishdan ketgan, keyin bir umr salohiyatiga mos biror tashkilotga joylasha olmagan nihoyatda qobiliyatli kishini bilaman. Darvoqe, xuddi shu sabab bilan ishdan ketgan qancha odamni aslida har birimiz taniymiz. Tanishimning “betgachopar”ligi uchun ishdan ketgani tushunarli, ammo keyin bir umr boshqa idoralarga ishga joylasha olmagani sababi bundan ham dahshat. Odatda bizda haliyam aksariyat tashkilotlarda ish so‘rab kelgan xodimning oldingi ish joyidan tavsifnoma so‘rashadi. (O‘zi nega kerak shu?). Boyagi xodimni esa lozim joyda to‘g‘ri so‘z aytib boshlig‘ini ayab o‘tirmagani bir umr ta'qib qildi. Yana bir tomoni uning “tikka” gapirishini bilgan rahbarlarning hech qaysisi ishga qabul qilishni xohlamadi. Harholda to‘g‘ri so‘zni hazm qila olishdek olijanoblik kamyob fazilat bo‘lsa kerak. Xullas, u xodim ham “yomon odam”.

Men Salim bobo deb murojaat qiladigan navbatdagi “yomon odam”ni ham butun bir tuman rahbariyati yoqtirmaydi. Bundan bir necha yil oldin u yozgan shikoyatni o‘rganish uchun tumanga borganimda birinchi eshitgan gapim shu bo‘lgan : “Yaxshi odammas, hammaning ishiga burnini suqadi, hech kimni tinch qo‘ymaydi”. O‘rganib bildimki, Salim bobo xalq muammolari haqida rahbariyatga yozib kelgan ekan. Oddiygina misol, aytaylik, mahallalardagi do‘konlarga keladigan bug‘doy uni. Ana shu unning qoplari sifatsiz bo‘lgani uchun do‘kondan uyga keltirguncha bir qismi to‘kiladi. Salim bobo ana shu to‘kiladigan unning respublika bo‘yicha bir yilda qancha bo‘lishini taxminan hisoblab chiqqan va o‘z vaqtida prezidentgacha bu haqda murojaat qilgan. Ancha odamni sarson qilgan. Va “yozuvchi” degan nom chiqargan. Uzoq yil nafaqasidan mablag‘ yig‘ib, mahalla ahli uchun ko‘prik qilgan bu odam hatto ana shu ko‘prik loyihasi uchun qator tashkilotlar eshigi oldida oylab sarg‘aygan. Va nihoyat, viloyat jurnalistlar uyushmasi rahbari matbuot orqali o‘sha tashkilotlarning “po‘stagini qoqqach”gina savob ish uchun ruxsat olgan. Darvoqe, so‘nggi yillarda qator idoralarga kanalbo‘yi muhofaza hududlari haqida murojaat qilib kelayotgan “yozuvchi” ham shu odam. Kanalbo‘yi muhofaza hududlari odatda irrigatsiya boshqarmalari tasarrufiga kiradi. Salim bobo ikki yondan 15 metrgacha bo‘lgan qirg‘oqbo‘yi muhofaza hududlarini ishsiz aholiga ijaraga berish tarafdori. Odamlar kanalni tozalaydigan texnikalarga xalal bermagan holda bu hududlarni bog‘-rog‘larga aylantirish tarafdori. Uning fikricha, shunday qilinsa, respublika bo‘ylab o‘n minglab fuqarolar ishli bo‘ladi, ichki va tashqi bozorlarga yuz ming tonnalab mahsulot chiqadi. Ammo tegishli idoralar o‘zi xohlagan taqdirda ham bu ishni qilolmaydi. Sababi aksariyat hududlarda qirg‘oqbo‘yi muhofaza hududlari qoidaga xilof tarzda fermer xo‘jaliklari tasarrufiga o‘tib ketgan. Harholda hali o‘zim bilgan biror-bir irrigatsiya boshqarmasi ana shu tadbirni qoyillatib amalga oshirgan emas. Salim bobo esa Darg‘om kanalida yoqasidagi bir parcha yerni obod qilaman deb naq sakkiz yil yugurdi. Qator rasmiy idoralar irrigatsiya boshqarmasidan ruxsat so‘rang desa, irrigatsiya boshqarmasi bu yer fermerlarga o‘tib ketgan, deydi. Mavzuga qaytamiz.

Xullas, aytib qo‘yay, ana shu kabi takliflar bilan “katta”larning boshini qotirganlar ham yaxshi odam emas! Taklifning to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekani mutaxassislarga havola.

Xo‘sh, yaxshi odam kim o‘zi?

Birinchi marta 15 yil oldin hamma yaxshi odam deb ta'riflagan shaxsni eshitganman. Kommunal xizmat idorasida ishlardi. Hech kimni norozi qilgan emas. Aytaylik, tabiiy gazdan 500 ming so‘m qarzingiz bor. Shu odamga uchrasangiz, 100 ming so‘m evaziga qarzingizni bazadan o‘chirib berardi. To‘g‘ri, hozir u zamonlar o‘tib ketdi. Yomoni shu bo‘ldiki, oxir-oqibat o‘sha yillari birgina Samarqand shahrining o‘zida kommunal xizmatlardan qarzdorlik 300 milliard so‘mdan oshib ketdi. Hammaning qo‘lida to‘lov qog‘ozi bor – ammo hamma qarzdor! Boyagi “yaxshi odam”larning ko‘pi qamalib ketdi. Biroq o‘z vaqtida bazadan o‘chirilavergan, ammo umumiy hisobda turgan, egasi yo‘q qarzlarning to‘planib qolishi oxir-oqibat ko‘pchilikni sarson qildi... Harholda hozir to‘lov masalasi nisbatan tartibga olindi.

“Falon institutning prorektori juda yaxshi odam, aytaman, o‘g‘lingizni o‘qishga kiritib qo‘yadi”.

“Falonchi yaxshi odam, navbatsiz uy olib beradi...” 

“Falonchi...”

 “Falonchi...” 

Eh-he, bunday yaxshi odamlarning qanchasini har birimiz bilamiz. Aslida bu “yaxshi odam”lar jamiyatimizni botqoqqa botirmadimi? Yaxshi va yomon odam haqidagi tushunchamiz o‘rni qachon almashib qoldi o‘zi? Bu so‘zlarning o‘rnini almashtirmay biror narsaga erisha olamizmi? Masalaning eng og‘ir tomoni shundaki, nazdimizdagi “yomon” odamlar “yaxshi”lardan ming baravar kamroq... 

Kuni kecha dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan birida ishlayotgan ukam keldi: 

– Aka, bizda jamoatchilik nazorati degan gapni ko‘p eshitardim-u hech ko‘rmasdim. Xorijda shu gapni hech eshitmadim-u har qadamda ko‘rdim. Bilib-bilmay ikki marta velosiped o‘tish joyida mashinamga yo‘lovchi olgan ekanman. Ertasi kuniyoq 115 dollar jarima qog‘ozi keldi. O‘sha yerda na kamera bor va na politsiya. Yana bir marta shu holat takrorlandi. Keyin bilsam, qoidani buzgan zahotim buni ko‘rgan odamlar suratga olib politsiyaga xabar berarkan. O‘zi ishsizlik nafaqasi bilan kun ko‘radigan bir fuqaro bir oyda shu yo‘l bilan davlatga 3 ming dollarlik foyda keltirganini g‘urur bilan aytib bergan menga. Bundaylar har qadamda borligini bilganim uchun ham qoidalarni yodlab olganman... Aslida biz ham o‘z yurtimizda shunday bo‘lsak yaxshimasmi?

Unga nima deyishni ham bilmayman: Yaxshi odam bo‘lsinmi yoki yomon...

Anvar MUSTAFOQULOV,
 Kun.uz muxbiri.

Top