14:30 / 17.04.2019
7371

O‘zbekiston obligatsiyalari uchun buyurtmalar hajmi 8,7 milliard dollarga teng bo‘lgandi - Odilbek Isoqov

Jahon moliya bozorida O‘zbekistonning ilk suveren obligatsiyalari uchun buyurtmalar hajmi 8,7 milliard dollarga teng bo‘lgandi. Hukumat buyurtmaning faqat 1 milliard dollarga yaqin qismini inobatga olishga qaror qilgan. Bu haqda 17 aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy maydonga ilk qadami» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«300ga yaqin xorijiy investorlar 8,7 milliard dollarga teng kredit liniyalarini O‘zbekiston uchun ochiqlagan. Biz faqat 1 milliard dollardan juda ham qulay narx va foiz stavkasida foydalandik. Shunga qaramay, kelgusida taklif etilgan pullarni ishlatmasak-da, kredit liniyalarining yuqori bo‘lishini ta'minlab borishimiz zarur», — deydi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov.

2019 yil fevral oyida O‘zbekistonning 1 milliard dollarga teng 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozoriga joylashtirilgandi.

O‘zbekiston hukumati, avval, obligatsiyalar daromadliligini 5,3-6 foiz miqdorda belgiladi. Shunga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqish va moliya bozorida talab yuqori bo‘lgani tufayli foiz stavkalari qayta ko‘rib chiqildi va 4,75-5,3 foiz etib belgilandi.

«Bizga 8,7 milliard dollar kerak emasdi, hukumat avvaldan 1 milliard dollar zarurligini e'lon qilgandi. Narxni shakllantirish jarayonida ham stavka 0,625ga kamaytirildi. Shundan keyin taklifdagi investitsiyalar hajmi 3,8 milliard dollarga tushdi», — deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston obligatsiyalari ikkilamchi bozorda kotirovka qilinishi katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Obligatsiyalar narxi 98,75 dan 105ga qadar kotirovka qilinishi kuzatildi. Bunday o‘zgarishga asosan AQShning davlat obligatsiyalari narxini o‘zgartirishi va global bozordagi o‘zgarishlar sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Top