15:47 / 24.04.2019
5972

Davlat xaridlariga doir idoraviy hujjatlarga tuzatishlar kiritildi

Foto: Shutterstock

Davlat xaridlariga doir idoraviy hujjatlarga tuzatishlar kiritildi, deb xabar bermoqda Norma.
 
Maxsus axborot portali operatorining davlat xaridlarini tashkil etish hamda o‘tkazish borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi nizomga va Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
 
birinchidan, budjet buyurtmachilari elektron do‘konda xarid qilish jarayonida va auksionda ishtirok etishdan oldin zakalat (tegishincha ishtirokchi ofertasi qiymatining va auksion boshlang‘ich narxining 3%i) to‘lash majburiyatidan ozod etildi. Biroq korporativ buyurtmachilar uchun bu ilgarigidek majburiy hisoblanadi. «Budjetdagilar» elektron davlat xaridlarida ishtirok etish uchun o‘zlarining hisob-kitob-kliring palatasidagi (HKKP) hisobraqamlariga operatorning vositachilik yig‘imini o‘tkazadilar.
 
Shu tariqa, elektron davlat xaridlarida ishtirok etish shartlari quyidagicha:

• korporativ buyurtmachilar va ishtirokchilar uchun – ularning HKKPdagi hisobraqamlarida avans to‘lovining yetarli summasi, ya'ni operatorning vositachilik yig‘imi va zakalat summasining mavjud bo‘lishi;
• budjet buyurtmachilari uchun – Moliya vazirligining davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi tomonidan band qo‘yilgan e'lon yoki ofertaning yetarli summasi, shuningdek operatorning HKKPdagi hisobraqamlarida vositachilik yig‘imi summasining mavjud bo‘lishi. 

Ma'lumot uchun: Budjet buyurtmachilari – davlat organlari, budjet tashkilotlari, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalariga yo‘naltiriladigan budjet mablag‘larini oluvchilar.

Korporativ buyurtmachilar – 50% va undan ortiq davlat ulushiga ega davlat korxonalari, yuridik shaxslar, shuningdek ustav fondidagi 50% va undan ortiq ulush 50% va undan ortiq davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar.  
 
ikkinchidan, xarid qilish tartib-taomillari yakunlariga ko‘ra tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov muddati:

• budjet buyurtmachilari uchun belgilandi – Moliya vazirligi G‘aznachiligi shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni olgandan so‘ng 1 ish kuni mobaynida shartnoma summasini HKKPga o‘tkazib beradi. Bunda oldindan to‘lov shartlari shartnomada nazarda tutiladi;
• korporativ buyurtmachilar uchun qisqartirildi – shartnoma portalda ro‘yxatga olingan paytdan boshlab 10 kundan 5 kungacha. Bu paytda ular shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni to‘liq hajmda to‘lash uchun o‘zlarining HKKPdagi hisobraqamlariga pul mablag‘larini o‘tkazishlari kerak (zakalat shartnoma bo‘yicha to‘lash summasiga qo‘shib hisoblanadi);
 
uchinchidan, hujjatlarni ilgari qabul qilingan quyidagi hujjatlarga muvofiqlashtirish maqsadida bir qator o‘zgartirishlar kiritildi:

• davlat boshqaruvi organlari qayta tashkil etilishi munosabati bilan;
• davlat xaridlari sohasida vakolatli organ o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan – ushbu funksiyalar LBMAdan Moliya vazirligiga o‘tkazildi;
• auksion va tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e'lonlarni joylashtirish muddatlari o‘zgarishiga taalluqli bo‘lgan (27.09.2018 yildagi PQ–3953-son qarorning 4-bandi) va h.k.
 
Hujjatlar 22.04.2019 yildan kuchga kirdi.

Top