14:40 / 24.04.2019
15143

O‘zbekistonda erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va teng imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlashning asosiy prinsiplari quyidagilar:

qonuniylik;

erkaklar va ayollar tengligini ta'minlash sohasidagi xalqaro huquq normalariga rioya etish;

teng huquqli munosabat va jinsi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;

ochiqlik va shaffoflik;

davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi;

erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarning ustuvorligi;

erkaklar va ayollarning tengligini ta'minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda davlat organlarining javobgarligi va hisobdorligi.

Erkaklar va ayollarning imkoniyatlari teng bo‘lib, ulardan foydalana olish davlat tomonidan kafolatlanadi.

Jamiyatning qaysi sohasida bo‘lishidan qat'iy nazar jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jinsi bo‘yicha kamsitishning har qanday ko‘rinishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bartaraf etiladi.

Quyidagilar jinsi bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi:

ayollar uchun homiladorlik, tug‘ish va ko‘krak suti bilan boqish davrida maxsus shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdagi farqlarni belgilash;

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibga ko‘ra harbiy xizmatga faqat erkaklarni chaqirish;

erkaklar va ayollar reproduktiv salomatligini asrash bilan bog‘liq mehnat muhofazasini o‘ziga xos xususiyatlari;

erkaklar va ayollarning pensiya yoshidagi tafovutlar;

qonunchilik asosida jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar va ayollarning tengligini ta'minlashga qaratilgan vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarni belgilash;

qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlarini hamda jinoiy-huquqiy ta'sir ko‘rsatadigan boshqa choralarni tartibga solishdagi farqlarni belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga va xalqaro huquq normalariga zid urf-odatlar, an'analar va madaniyatga asoslangan xulq-atvorga yo‘l qo‘yilmaydi.

Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash sohasidagi davlat siyosati quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlashga, shuningdek jinsi bo‘yicha kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;

erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish, takomillashtirish va rivojlantirish;

davlat organlarining erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish;

erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishning institutsional mexanizmlarini yaratish;

erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlariga erishishga, jinsi bo‘yicha kamsitilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli davlat dasturlari va strategiyalarini qabul qilish hamda amalga oshirish;

erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash sohasidagi davlat dasturlari va strategiyalarini amalga oshirishga erkaklar va ayollarni jalb qilish;

erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtirish;

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish;

ta'lim tizimini rivojlantirish, jinslarning tengligini ilgari surishga, gender stereotiplarni bartaraf etishga qaratilgan axborot-ma'rifiy kampaniyalar o‘tkazish, noshirlik faoliyatini amalga oshirish orqali erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari madaniyatini shakllantirishga doir chora-tadbirlar ko‘rish;

erkaklar va ayollarning huquqlari hamda imkoniyatlari tengligiga erishish maqsadida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish;

vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qo‘llash;

davlat boshqaruvida erkaklar va ayollarning teng ishtirokini ta'minlash;

mehnat majburiyatlarini va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishda erkaklar va ayollarning huquqlari hamda imkoniyatlari tengligini ta'minlash;

oilani qo‘llab-quvvatlash, mas'uliyatli onalik va otalikni shakllantirish;

jamiyatni jinsi bo‘yicha kamsitilishiga qaratilgan axborotdan himoya qilish;

xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalarini hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish.

O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi lozim. Normativ-huquqiy hujjat erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash prinsipiga mos kelmasligi aniqlangan taqdirda, gender-huquqiy ekspertiza xulosasi ushbu normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizasi quyidagilarga yo‘naltirilgan jarayonni ifodalaydi:

normativ-huquqiy hujjatning yoki loyihaning jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkoniyatini yaratadigan erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash prinsipiga nomuvofiqligini aniqlash;

jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga imkon yaratadigan loyiha qabul qilish oqibatlarini umumiy baholash;

normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash jarayonida kamsitish xususiyatiga ega xavflar paydo bo‘lishi mumkinligini prognozlashtirish;

jinsi bo‘yicha kamsitilganligi aniqlangan holatni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar ko‘rish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tarzda gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi lozim va gender-huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan taqdirda, Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatilgan tartibga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari gender-huquqiy ekspertizasi faoliyatning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladi.

Top