19:21 / 24.04.2019
6199

Xorazmda «Central Asia – 2019» XIII xalqaro konferensiyasi boshlandi

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida «Fan, ta'lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» mavzuida «Central Asia – 2019» XIII xalqaro konferensiyasi boshlandi, deb xabar beradi Kun.Uz muxbiri.

24 aprel kuni Ma'naviyat va ma'rifat markazi majlislar zalida tadbirning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda 10dan ortiq mamlakatdan, xususan, AQSh, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston va Pokistondan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, nashriyotlar, arxivlar, muzeylar rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, ta'lim muassasalari o‘qituvchilari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari, jamoat arboblari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Marat Raxmatullayev, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva, Belarus Milliy kutubxonasi direktori Roman Motulskiy, AQSh kutubxona fondi ijrochi direktori Merris Sumrall so‘zga chiqishdi.

Belarus Milliy kutubxonasi direktori Roman Motulskiy tabrik so‘zidan keyin, mashhur sharqiy slavyan noshiri Fransisk Skorina tomonidan yaratilgan ilk alifbe kitobining nusxasini O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayevaga sovg‘a tariqasida topshirdi.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini 26 aprelgacha davom ettiradi. Ishtirokchilar «Jamiyatning innovatsion taraqqiyotida axborot-kutubxona infratuzilmasining roli», «Kutubxona xizmatlari samaradorligini oshirishda yetakchi axborot texnologiyalari va resurslari», «Zamonaviy axborot jamiyatida mutolaa madaniyatini rivojlantirishning dolzarb masalalari», «Elektron arxivlar, muzeylar va nodir kutubxona fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tajribasi» mavzusida ma'ruza o‘qishadi va bahs-munozara yuritishadi.

Shuningdek, «Xorijiy axborot resurslari: ma'lumotlar bazalari va tizimlar bilan ishlash asoslari» mavzuida mahorat darslari, «UZNEL» axborot tizimida ishlash» mavzuida trening o‘tkaziladi.   

Top