12:00 / 26.04.2019
13791

Mirazizbek Mirzaxalilov ham Osiyo chempioniga aylandi

Tailand poytaxti Bangkok shahrida havaskor bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati final janglari davom etmoqda.

Erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan -56 kg vazn toifasi vakili Mirazizbek Mirzaxalilov hindistonlik Kavinder Singh Bishtga qarshi ringga chiqdi. Yakunda hakamlarning bir ovozdan bergan baholariga ko‘ra, Mirazizbek Mirzaxalilov ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozongan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi.

U turnir davomida dastlab qirg‘izistonlik Almanbet Alibekovga qarshi ringga chiqqan va yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozongandi. Mirazizbek chorak finalda tailandlik Chatchai Budteni, yarimfinalda filippinlik Pedres Bautistani ochkolar hisobiga yenggandi.

Biroz avvalroq o‘zbekistonlik boshqa bir bokschi Nodirjon Mirzaahmedov hindistonlik raqibini mag‘lub etib, Osiyo chempionatidagi dastlabki oltin medalni qo‘lga kiritgandi.

Bugun yana uch nafar o‘zbekistonlik bokschi finalda ringga chiqadi.
-69 kg: Bobo Usmon Baturov (O‘zbekiston) – Sevonrets Okazava (Yaponiya)
-91 kg: Sanjar Tursunov (O‘zbekiston) – Xyong Kyu Kim (Janubiy Koreya)
+91 kg: Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) – Qamshibek Konkabayev (Qozog‘iston).

Mavzuga oid
Top