12:10 / 01.05.2019
34034

Prezident ishtirokida Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda

Termiz shahrida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sessiyani ochiq muloqot tarzida o‘tkazishni taklif qilgan.

«Haqiqiy ahvolni gapirgan odam bizga do‘st. Uchrashuvimiz hamma masalalarni joy joyiga qo‘yish bo‘yicha foydali bo‘lsin», - degan davlat rahbari

Prezident foydali qazilmalarga boy, uch martagacha hosil olsa bo‘ladigan tabiiy sharoitga ega, aholisi mehnatsevar Surxondaryo viloyati salohiyatining hali o‘ndan biri ham ishga solinmaganini qayd etgan. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakat ko‘rsatkichidan 2,3 barobar, xizmat ko‘rsatish 2 barobar, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish 8 barobar kam ekanini ko‘rsatib o‘tilgan. Viloyatda iqtisodiy faol aholining 10 foizi ishsiz, toza ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 54 foiz ekani tanqid qilingan. 

Shu kabi masalalarni hal etish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish maqsadida 2019-2020 yillar uchun umumiy qiymati 23 trillion 632 milliard so‘m bo‘lgan 649 investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. Bular doirasida 2,2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, 11 ming 500ta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Surxondaryoning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, chet eldan investitsiya olib kelib, zamonaviy korxonalar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi va mahalliy budjetlar daromadini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.

Mavzuga oid
Top