11:20 / 02.05.2019
32283

Oxiratini o‘ylamaydiganlarning navbatdagi qilmishi. Yana bir xayriyaga yig‘ilgan mablag‘lar o‘g‘irlandi

Bir necha kun ilgari saytimizda boshqa odamlarning so‘zlariga ishonuvchan oiladan vijdonsizlarcha pul o‘marilgani haqida xabar qilingan edi. Kun.uz ijodiy guruhi Namangan viloyatiga safar davomida xuddi shunday muammoga duch kelgan yana bir oila bilan uchrashdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Biz bir necha joyga xayriya maqsadida iltimos qilib chiqdik. Ommaviy axborot vositalarida lavhalar tayyorlandi. Farzandimning jigari xasta. O‘zim ham qandli diabet kasaliga chalinganman. Bu bolam boquvchim edi. O‘g‘limning nomida plastik kartalarimiz bor edi. Bittasi nafaqasi uchun, boshqasini xayriya uchun ochilgan. Bir so‘miga ham teginmasdan, bolasiga ham ozuqalarini olmasdan yig‘ib kelayotgan edik. Hamma pullarimizni yechib olishdi», deydi bemorning onasi Muqaddasxon Dehqonova.

«Bir odam bizga telegram orqali chiqib, «telefonimizga jo‘natilgan kodni aytsak, bizga katta miqdorda pul o‘tkazishi»ni aytdi. Uning gaplariga ishonibmiz. Avvaliga 100 ming so‘m tushirdi. «Xo‘jayinlar kelsa yana tushirishadi», dedi. Yarim soatlardan so‘ng kartadagi hamma summa yechib olindi.

Shunchalik ham berahm bo‘ladimi odam? Hatto, pensiya pullarimni ham yechib olishdi. Murojaat qilib Namangan viloyat prokuraturasiga bordik. Ishni Namangan shaharga o‘tkazishdi. Tezlik bilan ish hal qilinishiga yordam berishlarini aytishdi», deydi Sherzod Sultonov.

Ham yo‘qchilik, ham xastalik boshiga tushgan ushbu oila endi bu sinovga yo‘liqqan. Bu xonadondan chiqib, Namangan shahri prokurorining katta yordamchisi Xurshid Rayimberdiyev bilan qo‘ng‘iroqlashdik.

«Tez orada oxiriga yetamiz. Pullar faqat bu oiladan yechib olinmagan. Yana bir oqqonga chalingan bemorga xayriya qilinayotgan oiladan ham 36 million so‘m o‘g‘irlangan. Zudlik bilan chora ko‘rishga ko‘rsatma berdik. Shahar prokurori ham nazoratga olgan», deydi huquq himoyachisi.

Insoniylikdan yiroq bu ishlarni ko‘rib, bunday ishlarga kimning qo‘li borayotganini tushunolmay ham qoldik. Axir, yosh qiz o‘lim arafasida qolgani, ikki inson dard bilan olishayotganini o‘sha «inson qiyofasidagi maxluqlar» ko‘rmayaptimi ekan? Shunday og‘ir kunlarda boshiga tashvish tushgan xastalarning qarg‘ishlari urishi nahot ularning xayoliga kelmasa?

O‘sha shaxslarga bemorning onasi aytgan gapni keltirib o‘tamiz: «Ikki oyoqda tik yurganingizga shukr qilmaysizmi? Bu ham g‘animat bo‘lishi mumkin-ku?».

Shu o‘rinda, yana bir bor ogohlantirib o‘tishni joiz deb bildik. Plastik karta va cho‘ntagingizdagi pulga hushyor bo‘ling. Kimdir sizga kartangizga pul tushirib berishini aytib raqam so‘rasa, shoshma-shosharlik bilan berib yubormang. Karta raqami yoki boshqa ma'lumotlarni oshkor qilish orqali siz odam qiyofasidagi maxluqlarga kartangizga kirish va mablag‘laringizni o‘marib ketish imkonini yaratib bermoqdasiz.

Mablag‘ingizni yechib olishlari pul o‘tkazish tizimlaridagi kamchilikdan emas, o‘zingizning soddaligingizdan bo‘lib qolmasin. Xalqimizda bir gap bor: «O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma». Ayni kunlarda avj olayotgan jinoyatlar qurboni bo‘lib qolmang!!!

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tez kunlarda surishtiruv natijalari haqida saytimizda xabar berib o‘tamiz.

Bahodir Ahmedov – muxbir
Muhammadjon G‘aniyev - tasvirchi


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top