11:09 / 02.05.2019
45724

Tatyana Karimova: O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki yillarida fuqarolar urushi yoqasida turgan edi

Foto: Facebook/Karimov Foundation

O‘zbekiston suvereniteti va mustaqilligini saqlash hamda mustahkamlash prezident Islom Karimovning hamisha yuksak maslagi sanalgan va siyosatining asosiy tamoyiliga aylangan. Bu haqda 30 aprel kuni Tatyana Karimova O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi xotirasiga bag‘ishlangan anjumandagi so‘zida aytib o‘tdi.
 
“O‘zbekistonning yangi tarixi, jumladan, mamlakatning mustaqillikka erishishi Islom Karimovning hayoti, faoliyati hamda merosi bilan chambarchas bog‘liqdir. Uning yuksak davlatchilik tafakkuri, kelajak qadamlarni oldindan hisoblab chiqish salohiyati O‘zbekistonda ham, xorijda ham munosib e'tirof etilgan”, – deb qayd etdi birinchi prezidentning rafiqasi. 

“Islom Karimov juda murakkab va o‘ta ziddiyatli davrda davlat tepasiga keldi. O‘sha vaqtda respublika fuqarolar urushi, millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi to‘qnashuv yoqasida turgan edi. Ta'bir joiz bo‘lsa, o‘lka alanga ichida qolgan, ayrim joylarda qon ham to‘kilgan edi. O‘zbekiston uchun mamlakatni yuzaga kelgan boshboshdoqlikdan olib chiqib keta oladigan yetakchi juda ham zarur edi. Ana shu pallada Islom Karimov zalvorli mas'uliyatni jasorat ila o‘z zimmasiga oldi”, – deya fikrlarini davom ettirdi Tatyana Karimova.

“Karimov rahbarligida milliy g‘urur va xalqning qadr-qimmati, uning boy tarixi, madaniyati hamda ma'naviy qadriyatlari tiklandi. Prezident Karimov ko‘p bora ta'kidlaganidek, yagona maqsad va g‘oyaga ega bo‘lmagan jamiyat halokatga mahkumdir, u ham ichki, ham tashqi dushmanlar qo‘lida o‘yinchoqqa aylanadi. Milliy istiqlol mafkurasi esa insonlarni mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligini ta'minlash kabi ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiradi”, – deb ta'kidladi Tatyana Karimova.

“Karimov ma'rifiy o‘qishlari: Islom Karimov – mustaqil davlat asoschisi” deb nomlangan respublika ilmiy anjumani birinchi prezident nomidagi yodgorlik majmuasi va Karimov Fondi tomonidan, Samarqand viloyat hokimligi hamda Samarqand davlat universiteti ko‘magida tashkil etildi. Anjumanda tarixchi, siyosatshunos, jurnalist hamda ilmiy doira vakillari jam bo‘ldi. 

Ma'rifiy tadbirda O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotini takomillashtirish, jamiyatni modernizatsiyalash, bozor iqtisodiyotini shakllantirish, tarixiy-me'moriy merosni asrab-avaylash hamda O‘rta Osiyo mutafakkirlari merosini o‘rganishda Islom Karimovning o‘rni kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi. 

Foto: Facebook/Karimov Foundation
Foto: Facebook/Karimov Foundation

Anjumanda Karimov ma'rifiy o‘qishlari bundan buyon an'ana tarzda har yili bahorda Islom Karimovning kindik qoni to‘kilgan shahar – Samarqandda o‘tkazilishi ma'lum qilindi.

Top