14:33 / 03.05.2019
10793

Jinoyat kodeksida jazo sanksiyasini oshirish ma'qullandi

Senatning 19-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Qonuni ma'qullandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Qonun bilan kodekslarga uchta yo‘nalishdagi tuzatishlar nazarda tutilmoqda.

Bular:

  • hayvonot va o‘simlik dunyosi muhofazasini kuchaytirish;
  • hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
  • soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirganlik va qasddan bankrotlikka olib kelganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishdir.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida 2016 yilda 4102ta, 2017 yilda 5245ta yoki 2016 yilga nisbatan 47 foizga o‘sish va 2018 yilda 6043ta yoki 2017 yilga nisbatan 15 foizga ortiq huquqbuzarliklar sodir etilgani qayd etilgan.

«Hozirda ko‘rib chiqayotgan o‘zgartishlar hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilangan jinoyatlar va Ma'muriy javobgarlik kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikni oshirish yo‘li bilan jinoyat va huquqbuzarliklar oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan», - deydi senator Shuhrat Cho‘lliyev.

Unga ko‘ra, kodeks ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan normalar bilan mustahkamlanmoqda. 

Ma'lumot uchun, ov qilish va baliq ovlash yoxud o‘simliklarning dori-darmon va oziq-ovqat maqsadlarida foydalaniladigan turlarini yig‘ish yoki tayyorlash tartibini buzish ifodalangan jinoyatlar uchun 2016 yilda 10, 2017 yilda 4 va 2018 yilda 11 nafar fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgan.

«Huquqni qo‘llash amaliyoti tahliliga asosan, hayvonot va o‘simlik dunyosidan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun jinoiy jazo choralari yetarli emas va bu holatni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar belgilangan jazolarning sanksiyasini oshirishni nazarda tutmoqda», - deydi senator Shuhrat Cho‘lliyev.

Top