14:32 / 03.05.2019
16688

Orol dengizi tufayli O‘zbekistondagi yer maydonlari qurg‘oqchilikka yuz tutmoqda - Qo‘mita raisi

Senatning 19-yalpi majlisida O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov respublikada tuproq samaradorligini oshirishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berdi. Unga ko‘ra, umumiy yer maydoni 21 mln gektar yer bo‘lib, shundan 1800 gektari degradatsiyaga uchragan. 

«Bunga sabab Orol dengizi tubidagi tuzlarning zararli ta'siridir. Mavjud vaziyatning oldini olish uchun Orol dengizi hududidagi 500 ming gektar yer maydoniga 1500 turdagi foydali o‘simlik urug‘lari ekildi», - deydi qo‘mita raisi.

Ma'lumot uchun, Respublika yaylovlarida 1990 yilda 270 turdagi o‘simlik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich atigi 42tani tashkil qilyapti. 

Senator Gulchehra Sattorovaning ta'kidlashicha, mamlakatdagi jami yaylovlarning 41 foizini tashkil etuvchi Navoiy viloyatidagi 8,7 mln. gektardan ziyod yaylov maydonlarining 82 foizi ham degradatsiyaga uchragan.

«Viloyatimizning yaylov maydonlarining 82 foizidan ziyodi degradatsiyaga uchragan. Bu juda katta ko‘rsatgich va u yildan yilga ko‘payib borayotgani achinarli hol. 30 foizdan ortiq maydondagi yaylovda o‘simliklar turlari keskin kamayib ketishi oqibatida mahsuldorlik 2,5 barobarga, jumladan ozuqa ekinlari hosildorligi gektariga o‘rtacha 2 sentnerga qisqargan», - deydi senator.

Bunga asosiy sabab etib, yaylov o‘tlari urug‘ining yo‘qolib borishi, tog‘li tumanlardagi o‘tloqlarni noqonuniy haydab yuborilishi va yo‘qolib borayotgan o‘t-o‘lanlarning urug‘idan qayta ekish tashkil etilmayotganligi ko‘rsatildi.  

«Yaylovlar to‘g‘risida»gi Qonun yaylovlarni takror ko‘paytirish va tiklash tadbirlari belgilangan. Unga ko‘ra ushbu jarayon yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda geobotanik jihatdan tekshirish asosida amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishdagi tadbirlar tuproq unumdorligini, yaylovlardagi o‘simlik qoplamining miqdoriy va sifat holatini saqlab turishning tabiiy jarayonlariga ko‘maklashishdan iboratdir», - deydi u.

Top