12:01 / 04.05.2019
9729

Sog‘liqni saqlash vazirligi ortiqcha vazndan xalos bo‘lish uchun yurish va gimnastika bilan shug‘ullanishni tavsiya qilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommalashtirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar may oyida yanada ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Joriy yil 4 may, shanba kuni “Ortiqcha vazn – qo‘shimcha kasallik” shiori ostida mamlakat bo‘ylab, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining “Shifokor” sport majmuasida ham yurish va gimnastika tadbirlari aholi ishtirokida uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Ma'lumki, yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a'zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz. Bundan tashqari, jismoniy faollik sabab nosog‘lom turmush tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish, chekish, ichish kabi salbiy illatlarga ham chek qo‘yiladi. 

Gimnastika mashqlarini bajarish orqali esa mushak tizimini mustahkamlanadi, bo‘g‘imlar harakati yaxshilanadi, kuch, tezlik, chidamlilik tarbiyalanadi. Sog‘lomlashtiruvchi ta'sir kuchiga ega mashqlar tufayli qomatning tik va to‘g‘ri rivojlanishini ta'minlaydi. Ko‘rinib turibdiki, har ikki holat inson tanasining chiniqib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishiga xizmat qilar ekan. 

Semizlik kasallik bo‘lib, teri osti va tananing boshqa joylarida me'yordan ortiqcha yog‘ to‘planishi natijasida kelib chiqadi. Kam harakatlanish, genetik faktorlar, endokrin kasalliklar, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki psixologik buzilishlari, stresslarga beriluvchanlik kabi faktorlar semizlikni keltirib chiqaradi. Ushbu sabablardan eng ko‘p uchraydigani kam harakatlanish, noto‘g‘ri ovqatlanish va genetik faktorlardir.

Semizlik oqibatida metabolik sindrom, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti, insult, gipertoniya kasalligi, surunkali vena qon-tomirlarining yetishmovchiligi, xoletsistit va o‘t-tosh kasalligi, artritlar, osteoxondroz va osteoartrozlar, umurtqa pog‘onasi churralari, jigarning yog‘li distrofiyasi hamda onkologik kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma'lumotlariga ko‘ra, yurak, qon-tomir kasalliklari yer yuzida o‘limning asosiy sababchisi bo‘lib, aynan semizlik uning rivojlanishiga olib keladi.

Ortiqcha vazn va semizlikka qarshi sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik hamda zararli odatlardan, ya'ni tamaki va alkogol mahsulotlaridan voz kechish orqali kurashish mumkin. Bunda jismoniy faollik: sport bilan shug‘ullanish, piyoda yurish, gimnastika mashqlarini bajarish hamda badantarbiya bilan shug‘ullanish muhim o‘ringa ega.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, yurtimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tgan davrda “Yurish kuni”, “Yurish bo‘yicha marafon kuni”, “Salomatlik sari qadam”, “Velosipedda sayr kuni”, “5 kilometr masofaga faol yurish”  hamda “Sog‘lom ozish kuni”, “Faol yurish va muassasalararo sport musobaqalari” kabi ommaviy tadbirlari mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan edi.

Mavzuga oid
Top