10:25 / 06.05.2019
14946

Qosimxo‘jayev: «Vizasiz rejimni kengaytirishga tayyormiz, ammo turizm sohasida kollaps yuz berishi mumkin»

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekiston vizasiz rejim joriy etilgan mamlakatlar ro‘yxatini yanada kengaytirishga tayyor, ammo hozirgi vaqtda bu turizm sohasidagi chalajonlikka olib kelishi mumkin. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimxo‘jayev aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Hozirgi kunda Samarqand va Buxorodagi sayyohlik mavsumi eng qizg‘in paytida mehmonxonalarda xonalar qolmaydi, shuningdek, tezyurar poyezdlarga chiptalar ham bo‘lmaydi. Agar boshqa xorijiy davlatlar uchun vizasiz rejimni yanada kengaytirsak, unda, rostini aytganda, chalajonlik yuz beradi. Infratuzilmaviy chalajonlik vujudga keladi.

Prezident barcha davlatlar uchun ochishga tayyor. Biroq muammo shundaki, biz bunday oqimni qabul qilishga tayyor emasmiz. Hozirgi paytda vaziyatni tezda hal qilish uchun juda ko‘p harakat qilmoqdamiz, davlat o‘z hisobidan mehmonxonalar qurilishini qo‘llab-quvvatlamoqda», - dedi Qosimxo‘jayev.

Ma'lumot uchun: 2018 yilda O‘zbekistonga 5,4 million sayyoh kelgan. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatga 1 million sayyoh tashrif buyurdi. 

Top