21:58 / 06.05.2019
53206

Sheremetevo navbatchilarining samolyotning halokatini kulgancha kuzatishgani videosi tarqaldi

Internetda Sheremetevo aeroportining navbatchi xodimlari SSJ-100 samolyoti bilan yuz bergan fojiani kulgancha kuzatishgani videosi tarqaldi.

Ushbu videodagi odamlarning o‘zini bunday tutishi ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan. Videoda oq ko‘ylakdagi erkak xizmat monitoridan yonayotgan samolyotning qo‘nayotganini smartfonga olayotganini ko‘rish mumkin. Kadr ortida esa bir necha kishining kulayotganini eshitish mumkin.

“U shunday qo‘ngan bo‘lsa, demak jabrlanuvchilar bor. Ahahaha, shunday!”, deb aytadi kadr ortidagi odamlardan biri. Shundan keyin kulgi ko‘tariladi.

Tarmoqda foydalanuvchilar bu holatdan o‘z achchiqlarini yashira olishmagan.

“Sezyapsizmi, odamlar har qanday hodisaga, hattoki fojiaga televideniyedagi shou kabi munosabatda bo‘lmoqdalar”, deb izoh bergan foydalanuvchilardan biri.

“Noinsoniylik. Oxirgi o‘n yillikda ayniqsa kuchli”, deb aytgan yana bir foydalanuvchi. 

“Bular odam emas!”, deb achchig‘ini yashira olmagan yana bir foydalanuvchi.

Fojia 5 may kuni kechki vaqt yuz bergan. Moskva-Murmansk reysini amalga oshirayotgan samolyot parvoz boshlangandan 28 daqiqa o‘tib aeroportga qaytishga majbur bo‘lgan. U qo‘nish vaqtida yonib ketgan va buning oqibatida bortdagi 78 kishidan 41 nafari halok bo‘lgan.

Aeroport matbuot xizmatida “Moskva” axborot agentligiga videodagi odamlar aeroport xodimlari ekanligining tasdig‘iga ega emasliklari ma'lum qilingan.

“Biz hozir halokat yuz bergan vaqtda korporativ va insoniylik me'yorlarini qo‘pol buzgan bu odamlarni qidirish bilan shug‘ullanmoqdamiz”, deb aytishgan aeroport vakillari.

Ular yaqin orada bu holat bo‘yicha rasmiy bayonot berishga va'da berishgan.

Top