18:30 / 07.05.2019
24066

Namangandagi maktabda korrupsion sxema tuzgan direktor va oshpazga sudda jazo tayinlandi

Illyustrativ foto

2019 yil 5 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida sudya B.Tavakkalov raisligida Namangan shahridagi 1-sonli ixtisoslashgan maktab direktori va oshpaziga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi Sh.T. va N.S. qonun oldida javob berishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchi Sh.T. umumta'lim maktabi oshpazi sifatida ishlab kelgani holda, firibgarlik yo‘lida harakat qilgan. U bir necha tanishlarini ularning farzandlarini maktabning 1-sinfiga joylashtirib qo‘yish evaziga har bir bola uchun 400 AQSh dollari miqdorida pul so‘ragan. Maktab direktori N.S. bilan o‘zaro til biriktirib yana bir fuqarodan pora tariqasida direktor o‘g‘lining nomiga rasmiylashtirilgan «Lasetti» rusumli avtomobilga 55-hajmli avtomashina akkumulyatorini oladi. Bunday pora olish holatlari ko‘p martalab sodir etilgan.

Bundan tashqari, maktabning 2015-2018 yillarda budjet mablag‘lari maqsadli sarflanishi yuzasidan tekshirish o‘tkazilganda, direktor jamg‘armasidan 142,8 ming so‘m, 7 nafar o‘qituvchining mehnat ta'tili uchun 1,9 mln so‘m, aslida maktabda ishlamagan laborantga 414,3 ming so‘m, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 21 dekabridagi 275-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga zid holda 2016-2017 o‘quv yilida 41,9 mln so‘m, jami, 48 o‘qituvchiga hammasi bo‘lib, 92,4 mln so‘m ish haqi ortiqcha hisoblab, 37 nafar o‘qituvchi tomonidan bajarilmagan dars soatlari uchun 2,8 mln so‘m, nomutaxassis bo‘lgan bir o‘qituvchiga 295,3 ming so‘m, Vazirlar Mahkamasining 107-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga zid ravishda malaka toifasi amal qilish muddati tugagan 4 nafar o‘qituvchiga 547,4 ming so‘m, pedagogik yuklamalarni bajarmagan 34 nafar o‘qituvchi uchun 2,4 mln so‘m ish haqi hisoblagan va jami 102,5 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘i rastrata qilingan.

Sudlanuvchi Sh.T. (maktab oshpazi) Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 1-qismi («firibgarlik»), 28,210-moddasi («pora olish») 2-qismi «a»,«v» bandlari va 28,211-moddasi 1-qismi («pora berish») bilan aybli deb topildi. Ushbu shaxsga nisbatan 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi N.S. (maktab direktori) esa Jinoyat kodeksining 167-moddasi («o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») 3-qismi «a» bandi va 210-moddasi («pora olish») 2-qismi «a»,«v» bandlari bilan aybli deb topildi. Eng kam oylik ish haqining 350 baravari, ya'ni 64 505 000 so‘m jarima va 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishida ishlash huquqidan mahrum etilgan.

Hukmdan norozi tomonlarga shikoyat berish tartibi tushuntirilgan.

Top