15:36 / 10.05.2019
35362

Hukumatning kushxonalar bo‘yicha qarori qabul qilindi. Qator holatlarda hayvonlarni go‘sht uchun so‘yish taqiqlandi

Foto: KUN.UZ

Hukumat qarori bilan Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari uchun veterinariya, veterinariya-sanitariya normalari va qoidalari tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi telegram kanali yozmoqda.

Qarorga muvofiq, teri xomashyosini tayyorlash (qayta ishlash) veterinariya-sanitariya norma va qoidalariga javob beradigan, maxsus bino hamda omborxonalari mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalarida asosiy va yordamchi binolar bo‘lishi shart.

14 kundan kichik bo‘lgan hayvonlar go‘sht uchun so‘yilishga ruxsat etilmaydi.

Quyidagi hollarda hayvonlarni go‘sht uchun so‘yish taqiqlanadi:

veterinariya vrachining ruxsati bo‘lmaganida;

kuydirgi, o‘lat, quturish, botulizm, parranda grippi va boshqa bir qancha kasalliklar bilan kasallangan yoki gumon qilingan hayvonlar;

o‘lim talvasasida bo‘lgan hayvonlar;

kuydirgi kasalligiga qarshi emlangan va davolangan hayvonlarni emlashdan keyin 14 kun davomida, oqsil kasalligiga qarshi emlanganda, emlanishdan keyin 21 kun davomida;

malleinizatsiya qilinmagan bir tuyoqli hayvonlar.

So‘yilgan barcha hayvonlarning go‘shti va boshqa mahsulotlari veterinariya vrachi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilishi shart.

Top