14:35 / 11.05.2019
12605

Dubay shayxi O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi

Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti va bosh vaziri, Dubay shayxi Muhammad bin Roshid Ol Maktum O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb yozmoqda Gulf News.

«BAA jahonning boshqa davlatlari bilan butun insoniyatga foydasi tegadigan jips hamkorlik tamoyillariga chuqur amal qiladi, bu yo‘lda Amirlik insonlar hayotini yaxshilash uchun muvaffaqiyat tarixlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashishga intilib keladi», degan Muhammad bin Roshid Ol Maktum.

O‘zbekiston delegatsiyasini Dubay valiahd shahzodasi, Ijroiya kengashi raisi shayx Hamdan bin Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Muhammad bin Roshid Ol Maktum nomidagi Bilimlar jamg‘armasi raisi shayx Ahmad bin Muhammad bin Roshid Ol Maktum ham  qabul qilishgan.

Uchrashuvda shuningdek, Devon va kelajak ishlari bo‘yicha vazir Muhammad Abdulloh al-Qarqoviy, shuningdek, baxt va farovonlik masalalari bo‘yicha davlat vaziri hamda bosh vazir devonxonasining bosh direktori Uhud Bint Xalfon ar-Rumiy va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etishgan.

«Jahon mamlakatlari hukumatlari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish prezident zoti oliylari shayx Xalifa bin Zoyd Ol Nahayon rahbarligida olib borilayotgan BAAning xalqaro siyosatini to‘liq aks ettiradi. Biz o‘zimizning unikal modelimiz va boshqaruvning innovatsion strategiyasi, shuningdek, muvaffaqiyatimiz tarixi bilan jahonga o‘rtoqlashmoqchimiz», — degan shayx Muhammad.

Dubay shayxi O‘zbekiston delegatsiyasini olqishlab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga yuqori baho berdi.

«Bir necha hafta ilgari men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edim. Bugun esa ikki davlat o‘rtasida imzolangan strategik hamkorlik bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha mexanizmlar va batafsil rejalarni ishlab chiqish maqsadida BAAga tashrif buyurgan yuqori darajadagi hukumat delegatsiyasini qabul qilmoqdamiz», — degan u.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BAAga tashrifi davomida imzolangan bitimlarga ko‘ra, 2019 yilda 57ta qo‘shma tashabbuslarni ishga tushirish uchun ikki davlat 19ta ekspert maqsadli guruhlarini shakllantirib olishgan. Ular O‘zbekiston hukumati oldida turgan kelgusidagi vazifalarni belgilab berishga yo‘naltirilgan biznes-modellarning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlab turadi.

Ushbu haftada bo‘lib o‘tgan qo‘shma maqsadli guruhlar uchrashuvlarida bir qator sohalarda, chunonchi, davlat xizmatlari, milliy strategik rejalar, ta'lim va iqtisodiyot istiqbollari, dasturlashtirish, global raqobatbardoshlilik, aeroport, bojxona va erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish, prognozlashtirish, aqlli shaharlar, biznes yuritish qulayligi, yetakchilik dasturlari, salohiyatni yuksaltirish va aqlli hukumat ilovalari bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Top